"Til bilimdonlari – 2022" tanlovi nizomi
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi hamda 21-oktabr “O‘zbek tili bayrami kuni” munosabati bilan tashkil etiladigan “Til bilimdonlari” onlayn intellektual tanlovi nizomi
1) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Talaba va o‘quvchilarning ma’naviy yuksalishiga ko‘maklashish markazi hamda “Talaba-yoshlar” jamoasi tomonidan O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi hamda 21-oktabr “O‘zbek tili bayrami kuni” munosabati bilan “Til bilimdonlari” onlayn intellektual tanlovi (keyingi o‘rinlarda tanlov deb yuritiladi) tashkil etiladi.
2) Ushbu tanlovda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talaba-yoshlar (jumladan, bakalavr, magistr va doktorantlar) ishtirok etishlari mumkin.
3) “Til bilimdonlari” onlayn intellektual tanlovini o‘tkazishdan maqsad:
O‘zbekistonda davlat tilini keng targ‘ib etish va o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish hamda mamalakatimizda yoshlarni o‘zbek tili va jahon adabiyotini talaba-yoshlar o‘rtasida o‘qitishni takomillashtirish, ona tilining eng ulug‘ qadriyati, milliyligi, yuksak ma’naviyatimizning asosi ekanligini tushuntirish, shuningdek, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, aholi hamda yoshlarning dunyoqarashi, so‘z boyligini kengaytirish, vatanparvarligi, ijtimoiy faolligi va millat taqdiriga daxldorligini oshirish, kitobxonlik madaniyati, savodxonligini takomillashtirish, o‘z ona tilimizda imlo qoidalariga amal qilgan holda to‘g‘ri yozish ko‘nikmalarini shakllantirish, qolaversa, talaba-yoshlarning til bilimlarini yanada mukammallashtirishdan iborat.
4) “Til bilimdonlari” onlayn intellektual tanlovi yakka tartibdagi musobaqa boʻlib, unda ishtirokchilar belgilangan vaqt doirasida o’zbek tili imlo qoidalari, tinish belgilarining qo‘llanilishi haqida beriladigan test savollariga javob berish boʻyicha musobaqalashadi. Turnir davomida ishtirokchilarning maqsadi raqiblarga qaraganda koʻproq savollarga javob berishdir.
5) Tanlov 2 bosqichda onlayn shaklda, Telegram ijtimoiy tarmog‘ida tashkil etiladi.
6) 1-bosqich saralash bosqichi bo‘lib, unda ishtirokchilar maxsus Telegram bot orqali ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishlari, tanlov davomida barcha talaba-yoshlar va yurtdoshlarimizni qamrab olish maqsadida 5 nafar do‘stlarini tanlovga taklif qilishlari va bot orqali beriladigan jami 150 ta test savollariga javob berishlari kerak bo‘ladi. Test savollari 5 kun davomida kuniga 30 tadan berib boriladi. Ishtirokchilar testlarni o‘zlariga qulay vaqtda ishlashlari mumkin bo‘ladi, ya’ni savollarga javob berish uchun vaqt belgilanmaydi.
7) Test savollariga eng ko‘p to‘g‘ri javob topgan 200 nafar ishtirokchi va tanlovga eng ko‘p do‘stlarini taklif qilgan (eng ko‘p referal to‘plagan) 50 nafar ishtirokchilar tanlovning 2-bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
8) 1-bosqich yakunlariga ko‘ra keyingi bosqichga o‘tadigan o‘rinlarni egallagan ishtirokchilarning ballari teng bo‘lib qolgan taqdirda, ularning barchasi keyingi bosqichda ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi.
9) Tanlovning 2-bosqichida ishtirokchilar 50 ta o‘zbek tili imlo qoidalari va tinish belgilarining qo‘llanilishiga oid test savollari beriladi. Test savollarini barcha ishtirokchilar bir xil vaqtda boshlashlari va belgilangan vaqt ichida ishlashlari kerak bo‘ladi. Berilgan vaqt yakunlangach testlarni tugatgan ishtirokchilarning natijalari inobatga olinmaydi.
10) 2-bosqichda 1-bosqichdagi natijalar qo‘shib hisoblanmaydi va barcha ishtirokchilar teng imkoniyatga ega bo‘ladilar. Yakunda berilgan 50 ta testdan eng ko‘p to‘g‘ri javoblarni topgan ishtirokchilar tanlov g‘oliblari deb e’lon qilinadi.
11) Hal qiluvchi 2-bosqichda ishtirokchilarning ballari teng bo‘lib qolgan taqdirda ishtirokchilar test savollarini yechish uchun sarflagan vaqtlariga qaraladi, ya’ni kim testlarni ishlash uchun kamroq vaqt sarflagan bo‘lsa, o‘sha ishtirokchi yuqori o‘rinda deb topiladi.
12) Tanlov g‘oliblari 21-oktabr – “O‘zbek tili bayrami” kuni munosabati bilan tantanali taqdirlash marosimida taqdirlanadi. G’oliblarni taqdirlash marosimiga kelib-ketish harajatlari ishtirokchi tahsil oladigan yoki ishlaydigan ta’lim muassasasi tomonidan moliyalashtiriladi.
13) Tanlovda yuqori o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan quyidagi miqdorda pul mukofotlari, diplom va sertifikatlar bilan taqdirlanadi:
1-o‘rin 1 nafar – 5.000.000 so‘m pul mukofoti va I darajali diplom;
2-o‘rin 2 nafar – 4.000.000 so‘mdan pul mukofoti va II darajali diplom;
3-o‘rin 3 nafar – 3.000.000 so‘mdan pul mukofoti va III darajali diplom;
4-o‘rin 4 nafar – 2.000.000 so‘mdan pul mukofoti va sertifikat;
5-o‘rin 10 nafar – 1.000.000 so‘mdan pul mukofoti va sertifikat.
14) Bundan tashqari tanlov targ‘ibotida faol ishtirok etib eng ko‘p referal to‘plagan 10 nafar ishtirokchilar ham “Eng faol loyiha targ‘ibotchisi” nominatsiyasi g‘olibi deb topiladi va sertifikat hamda 1.000.000 so‘mdan pul mukofoti taqdirlanadi.
15) Tanlov davomida (taqdirlash marosimida) tashkilotchilar ishtirokchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini koʻrsatishini (onlayn yuborishini) talab qilish vakolatiga ega boʻladilar.
16) Tanlov davomida nizomda nazarda tutilmagan fors-major holatlari kuzatilsa, tanlov tashkilotchilari yakuniy qaror chiqarish huquqiga ega boʻladilar.