• Namangan shahri, Islom karimov ko'chasi, 12 uy
  • +998 (69) 234-14-30

Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining
yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risida

NIZOM

Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida” va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi qonunlari va Oliy ta’limning Davlat ta’lim standarti, ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) malaka talablariga muvofiq oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibini belgilaydi.

Qonun hujjatlariga muvofiq o‘quv jarayoni o‘qitishning modul tizimiga asoslangan oliy ta’lim muassasalariga mazkur Nizom tatbiq etilmaydi.

I. Umumiy qoidalar

1. Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari o‘quv jarayoni jadvaliga muvofiq o‘tkaziladi.

2. Yakuniy davlat attestatsiyasi oliy ta’lim muassasasidagi har bir ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) bo‘yicha tashkil etiladigan yakuniy davlat attestatsiya komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.

3. Yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyalarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

bitiruvchining bilim, malaka va ko‘nikma darajasining davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiq kelishini kompleks baholash;

yakuniy davlat attestatsiyasi natijalari bo‘yicha bitiruvchilarga bakalavr (magistr) akademik darajasini berish masalasini hal qilish;

komissiya faoliyati natijalarini tahlil qilish va ular asosida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlashni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

4. Yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyalari o‘z faoliyatlarini mazkur Nizom hamda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha bitiruvchilarning tayyorgarlik darajasi va ta’lim mazmuniga qo‘yilgan Davlat ta’lim standartlari, malakatalablarini bajarishga yo‘naltirilgan boshqa hujjatlarga tayangan holda olib boradilar.

II. Yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlari

5. Yakuniy davlat attestatsiyasi ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) o‘quv rejalariga muvofiq quyidagi turlardagi attestatsiya sinovlaridan iborat:

 

  • xorijiy til bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiya sinovi (oliy ta’lim muassasasi Kengashi qaroriga asosan o‘tkazilishi mumkin);
  • ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha fanlararo (umumkasbiy va ixtisoslik) yakuniy davlat attestatsiya sinovi;
  • diplom loyihasi himoyasi;
  • bitiruv malakaviy ish (magistrlik dissertatsiyasi) himoyasi.

6. Xorijiy til bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasi sinovi mazkur fanning davlat ta’lim standartida belgilangan zaruriy mazmunidan kelib chiqqan holda o‘quv dasturida nazarda tutilgan materiallarni talaba tomonidan o‘zlashtirilganlik darajasini aniqlashga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak.
7. Ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) bo‘yicha fanlararo yakuniy davlat attestatsiya sinovi fanlar mazmuniga qo‘yiladigan talablar bilan bir qatorda, talaba tayyorgarligining mazkur ta’lim yo‘nalishi (mutaxassislik) bo‘yicha malaka talablarida bitiruvchiga nisbatan nazarda tutilgan umumiy talablarga ham javob bera olish darajasini aniqlashga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak.
8. Yakuniy davlat attestatsiyasini ixtisoslik fanlaridan (fanlararo) yakuniy davlat attestatsiya sinovi yoki diplom loyihasi himoyasi yoxud bitiruv malakaviy ishi (magistrlik dissertatsiyasi) himoyasi shaklida o‘tkazilishi bitiruvchilarning iqtidori, xohishi va ta’lim xususiyatidan kelib chiqqan holda oliy ta’lim muassasasi Kengashi qarori bilan belgilanadi.
Yakuniy davlat attestatsiyasiga oliy ta’lim muassasasi Kengashi qaroriga asosan xorijiy til bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiya sinovi qo‘shimcha sifatida kiritilishi mumkin.
Oliy ta’lim muassasasi Kengashining qarori bilan bitiruvchi uchun belgilangan yakuniy davlat attestatsiyasining shakli bir o‘quv yili davomida o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlari o‘quv jarayoni jadvalida ko‘rsatilgan muddatlarda fakultet dekani yoki o‘quv-uslubiy bo‘lim (boshqarma) tomonidan tayyorlangan, oliy ta’lim muassasasi o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori tomonidan tasdiqlangan Yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlari jadvali asosida o‘tkaziladi.
9. Oliy ta’lim muassasalari tomonidan yetakchi professor-o‘qituvchilarni jalb etgan holda yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlarining dasturlari hamda baholash mezonlari ishlab chiqiladi hamda tayanch oliy ta’lim muassasasi bilan kelishgan holda oliy ta’lim muassasasi Kengashi tomonidan tasdiqlanadi va talabalar e’tiboriga yetkaziladi.

III. Yakuniy davlat attestatsiya komissiyalari tarkibi

10. Yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyalari raisligiga nomzodlar oliy ta’lim muassasalari tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.

11. Yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasi raislari oliy ta’lim muassasasining idoraviy mansubligidan qat’iy nazar, ushbu ta’lim muassasasida ishlamayotgan olimlar, ishlab chiqarishning yetakchi mutaxassislaridan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan bir yil (kalendar yil) muddatga tasdiqlanadi.

Bir kishi ketma-ket bir oliy ta’lim muassasasida tegishli ta’lim yo‘nalishi (mutaxassislik) bo‘yicha ikki martadan ortiq yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasining raisi bo‘lishi mumkin emas.

12. Oliy ta’lim muassasasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan raislar rahbarligida oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) buyrug‘i bilan xorijiy til bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiya sinovi (oliy ta’lim muassasasi Kengashi qaroriga asosan) va (yoki) ta’lim yo‘nalishi (mutaxassislik) bo‘yicha fanlararo yakuniy davlat attestatsiya sinovi va diplom loyihasi yoki bitiruv malakaviy ish (magistrlik dissertatsiyasi) himoyasi yoki ixtisoslik fanlaridan yakuniy davlat attestatsiya sinovini o‘tkazish bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyalari tarkibi shakllantiriladi.

13. Yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyalari tarkibi mutaxassis tayyorlovchi oliy ta’lim muassasasining ilmiy-pedagogik kadrlari (attestatsiya komissiyasi umumiy tarkibining 50 foizigacha), shuningdek mazkur soha kadrlarining iste’molchilari bo‘lgan korxona, tashkilot va muassasalarning yuqori malakali mutaxassislari, turdosh oliy ta’lim muassasalarining yetakchi professor-o‘qituvchi va ilmiy xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi tegishli soha olimlaridan iborat bo‘ladi.

14. Yakuniy davlat attestatsiya komissiyalari tarkibi kamida 5 nafar professor-o‘qituvchi va mutaxassislardan shakllantiriladi. Yakuniy davlat attestatsiyasida vasiylik kengashi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ota-onalar vakillari jamoatchilik asosida kuzatuvchi sifatida qatnashishi mumkin.

15. Yakuniy davlat attestatsiya sinovlari bo‘yicha yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyalarining tarkibi oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan bitiruv semestri boshlanishidan bir oy oldin tasdiqlanadi.
Zaruriyat bo‘lganda attestatsiya sinovlarining biri bo‘yicha bitta rais rahbarligida bir nechta yakuniy davlat attestatsiya komissiyalari tuzilishi mumkin.
Yakuniy davlat attestatsiyasi jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi vakillari ishtirok etishlari mumkin.
Oliy ta’lim muassasalarining davlat attestatsiyasidan o‘tmagan yo‘nalish va mutaxassislik bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi ushbu oliy ta’lim muassasasining yuqori turuvchi vazirlik (idora) tomonidan tashkil etiladigan davlat attestatsiya komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi.

IV. Yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibi

16. Yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlari boshlanishidan oldin yakuniy davlat attestatsiya komissiyasi raislari bilan oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) shaxsan yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyalarining tayyorgarlik darajasi, komissiya raislari va a’zolarining vazifalari, bitiruvchilarga qo‘yilayotgan talablar, tartib-intizom to‘g‘risida yig‘ilish o‘tkazadi.

17. Yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlari yozma, test yoki og‘zaki usulda tashkil etiladi va ushbu tartib oliy ta’lim muassasasi Kengashi qarori asosida ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan belgilanadi hamda yakuniy davlat attestatsiyasi boshlanishidan olti oy oldin talabalar e’tiboriga yetkaziladi. Talabalar sinov o‘tkaziladigan fanlar dasturlari bilan ta’minlanadilar, ularga tayyorgarlik ko‘rish va maslahatlar berish uchun zarur sharoitlar yaratiladi.

18. Yakuniy davlat attestatsiyasiga tegishli o‘quv reja va fanlar dasturlarini to‘liq tugatgan va o‘quv rejasida nazarda tutilgan barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan talabalar qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari tegishli ta’lim dasturlarini to‘liq o‘zlashtirgandan keyin yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tishlari majburiydir.

19. Yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlari va diplom loyihasi yoki bitiruv malakaviy ish (magistrlik dissertatsiyasi) himoyasi yoxud ixtisoslik fanlaridan yakuniy davlat attestatsiya sinovi yakuniy davlat attestatsiya komissiyalarining ochiq majlislarida, a’zolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan holda, rais ishtirok etmagan taqdirda rais o‘rinbosari raisligida o‘tkaziladi.
Diplom loyihasi yoki bitiruv malakaviy ish (magistrlik dissertatsiyasi) himoyasi yoxud ixtisoslik fanlaridan yakuniy davlat attestatsiya sinovi ishlab chiqarish bazasida tashkil etilgan kafedra filiallarida sohaning yetakchi mutaxassislarini jalb etgan holda o‘tkazilishi mumkin.
Yakuniy davlat attestatsiyasiga kiritilgan barcha turdagi attestatsiya sinovlari bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi talabalar bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimiga muvofiq aniqlanadi hamda yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasining majlis bayoni rasmiylashtirilgandan so‘ng shu kunning o‘zida e’lon qilinadi.
Yakuniy davlat attestatsiyasiga kiritilgan barcha turdagi attestatsiya sinovlarida mualliflikni o‘zlashtirishga (plagiatga) yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday holat aniqlanganda davlat attestatsiya komissiyasi tomonidan bitiruvchiga tegishli attestatsiya sinovidan qoniqarsiz baho qo‘yiladi yoki qo‘yilgan ijobiy baho bekor qilinadi.

20. Yakuniy davlat attestatsiya komissiyasi bitiruvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlari natijalari asosida ularga ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) bo‘yicha bakalavr (magistr) darajasi berish haqida qaror qabul qiladi.

Yakuniy davlat attestatsiya komissiyalarining qarorlari ochiq ovoz berish yo‘li bilan, majlisda ishtirok etuvchilarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan holda, raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

21. Oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisi yakuniy davlat attestatsiyasi tarkibiga kiritilgan yakuniy davlat attestatsiya sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng unga muvofiq darajadagi oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom va uning ilovasi beriladi.
22. Fanlar dasturlarini o‘zlashtirishda katta yutuqlarga erishgan va o‘quv rejasidagi barcha fanlarning kamida 3/4 qismi bo‘yicha 86 ball va undan yuqori (5 baholik tizimda 5 baho (a’lo) o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga erishgan, (boshqa fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 71 balldan (5 baholik tizimda o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 4 bahodan (yaxshi) kam bo‘lmagan), shuningdek, yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlari bo‘yicha kamida 86 ball (5 baholik tizimda 5 baho (a’lo) o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan bakalavriat bitiruvchisiga “imtiyozli” diplom beriladi.
23. Yakuniy davlat attestatsiyasi sinovidan o‘ta olmagan shaxs o‘qish muddati tugagandan so‘ng, arizasiga muvofiq yakuniy davlat attestatsiyasi sinovini keyingi yillarda qayta topshirish huquqiga ega. Bunda oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) shaxsni yakuniy davlat attestatsiyasi sinovini qayta topshirishga qo‘yish bo‘yicha buyruq chiqarishi lozim.
24. Yakuniy davlat attestatsiyasi sinovidan qayta o‘ta olmagan talabaga akademik ma’lumotnoma beriladi va u o‘rnatilgan tartibda, to‘lov-kontrakt asosida tegishli kursga o‘qish uchun qayta tiklanishi mumkin.

25. Uzrli sabab bilan yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlariga kelmagan talabalar rektorning (direktorning) buyrug‘i bilan yakuniy davlat attestatsiya komissiyasining ishi yakunlanishiga qadar boshqa muddatlarda o‘tkaziladigan yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlariga kiritilishi mumkin.(o'z kuchini yo'qotgan)

26. Yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlarida olgan bahosiga e’tiroz bildirgan bitiruvchilarning arizalarini ko‘rib chiqish uchun rektor (direktor) buyrug‘i bilan apellyatsiya komissiyasi tuziladi.

27. Yakuniy davlat attestatsiyasi jarayonida qo‘yilgan bahodan norozi bo‘lgan bitiruvchilar yakuniy davlat attestatsiyasi baholari e’lon qilingan kundan e’tiboran uch kun muddat ichida apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilish huquqiga egadirlar.

28. Apellyatsiya komissiyasi o‘z xulosasini bitiruvchiga bir kun muddat ichida ma’lum qilishi lozim.

29. Yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasining ishi bo‘yicha yillik hisobot oliy ta’lim muassasasi Kengashida ko‘rib chiqiladi. Mazkur Kengashga yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyalari raislari taklif qilinadi.

V. Yakuniy qoidalar

30. Yakuniy davlat attestatsiyasini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha oliy ta’lim muassasasi faoliyatidan norozi bo‘lganlar belgilangan tartibda, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.

31. Oliy ta’lim muassasasi Kengashi qarori bilan muassasa xususiyatidan kelib chiqib, mazkur Nizom tartiblariga qo‘shimcha tartib-qoidalar kiritish mumkin.

32. Mazkur Nizomda belgilangan qoidalar bo‘yicha nizolar qonun hujjatlariga muvofiq hal qilinadi.