Magistraturaga qishki qabul 20 dekabrdan boshlanadi.
Magistraturaga qishki qabul 20 dekabrdan boshlanadi. Xorijiy til sertifikati albatta bo‘lishi kerak, faqat minimal daraja hozircha talab etilmaydi.
2022/2023 o‘quv yili uchun davlat OTMlari magistraturasiga qishki qabul 2022 yil 20 dekabrdan 2023 yil 10 yanvarga qadar (shu kuni ham) magistr.edu.uz elektron tizimi orqali onlayn bo‘lib o‘tadi.
Tanlov natijalari bakalavriat diplomning o‘rtacha ballari asosida aniqlanadi. Ya'ni bu safar ham kirish imtihonlari bo‘lmaydi.
Xorijiy sertifikat bo‘yicha istisno qilinadi
Tanlovda istisno tariqasida xorijiy tilni bilish darajasidan qat'i nazar (C1 yoki B2 sertifikatidan tashqari boshqa darajadagi) sertifikatga ega talabgorlar ham ishtirok etishiga ruxsat etildi.
Muhim jihati o‘qishga qabul qilingan talabalar o‘qishi davomida talab etilgan sertifikatni qo‘lga kiritishi lozim. Aks holda yakuniy davlat attestasiyasiga ruxsat etilmaydi.
Bu nima degani?
Demak, qishki qabulda ham til bilish darajasini belgilovchi sertifikat so‘raladi. Sertifkatsiz qabul bo‘lmaydi.
Ammo minimal talab bo‘lmasa ham istisno qilinadi. Amaldagi tartibga ko‘ra, abiturient filologiya yo‘nalishlari bo‘yicha kamida C1, nofilologik yo‘nalishlari bo‘yicha esa B2 darajadagi milliy yoki unga mos xalqaro sertifikatga ega bo‘lish kerak. Endilikda, masalan, B1 darajali sertifikat bilan ham magistraturaga kirsa bo‘ladi.
Asosiy sharti, toki o‘qishni tugatguncha, talab etilgandek C1 yoki B2 sertifikat olishga majbur. Yo‘qsa yakuniy attestasiyaga kiritilmaydi. Boshqacha aytganda, toki kerakli sertifikatni olmaguncha magistr diplomi berilmaydi.