Umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosi o‘rgatiladi
“O‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib o‘zbek imo-ishora tilini yanada rivojlantirish va uning huquqiy maqomini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, undan muloqot vositasi sifatida foydalanishni rag‘batlantirib borish belgilandi. 2023 yil 1 yanvardan boshlab, umumiy o‘rta ta'lim muassasalari hamda “Ishga marhamat” monomarkazlarida o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini o‘rgatish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi. Maxsus o‘quv kurslarida ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslar hamda ushbu toifadagi voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar – bepul, qolgan shaxslar – pullik asosda o‘qitiladi. 2023 yil 1 yanvardan boshlab davlat telekanallarida haftalik efir vaqtining kamida besh foiz hajmidagi ko‘rsatuvlar surdotarjima, yashirin subtitrlar yoki “yuguruvchi satrlar” bilan namoyish etiladi. 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarining o‘qituvchi lavozimiga faqat dars o‘tiladigan imo-ishora tilini biladigan pedagog kadrlar ishga qabul qilinadi. 2023/2024 o‘quv yili uchun oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirishda surdopedagogika va tiflopedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 25 foizga oshiriladi. 2023 yildan boshlab har yili sentyabr oyida “Imo-ishora tili bo‘yicha eng yaxshi tarjimon” tanlovi o‘tkaziladi va tanlov g‘oliblari quyidagicha tartibda pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi:
1-o‘rin uchun – BHMning 100 baravari;
2-o‘rin uchun – BHMning 65 baravari;
3-o‘rin uchun – BHMning 50 baravari.