• Namangan shahri, Islom karimov ko'chasi, 12 uy
  • +998 (69) 234-14-30
post image

Sifatli ta'lim salmoqli mas'uliyatni anglatadi

Ekspertlar Prezidentning Oliy Majlisga murojaatnomasini tahlil qilib, unda eng ko‘p “ta'lim” so‘zi ishlatilganini aniqladi. Bu bejiz emas, chunki kelgusi yil davlat rahbari tomonidan “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili” deb e'lon qilindi.

Murojaatnomada 2023 yilning ustuvor vazifalari qatorida ikkinchi yo‘nalish sifatida ta'limga e'tibor qaratilgan. Qayd etilishicha, kelgusi yilda oliygoh talabalari uchun imtiyozli ta'lim kreditlariga resurslar 2 barobar ko‘paytirilib, 1,7 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Ilm-fan va innovatsiyalarga esa 1,8 trillion so‘m ajratiladi.

Murojaatnomada “sifatli ta'lim” so‘ziga alohida urg‘u berilgan. Chunki bugungi zamon shiddati bizdan talabalarga aynan yuqori saviyadagi va sifatli ta'lim berishni taqozo etmoqda. Bu borada institutimiz professor-o‘qituvchilari tomonidan faol ish olib borilmoqda. Ularning sa'y-harakatlari bilan NamMQI nufuzli Times Higher Education agentligining World University Rankings reytingida “reporter” maqomida qayd etildi va top-1000 talik reytingdan joy olish uchun da'vogarlar ro‘yxatiga qo‘shildi. 

Davlat rahbari murojaatnomasida iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, bitiruvchilarning kelgusi taqdiri haqida alohida fikr yuritilgan. Bu yo‘nalishda ham jamoamiz yuqori marralarni ko‘zlamoqda. Jumladan, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining kuni-kecha e'lon qilingan eng ko‘p bitiruvchisi ochiq tanlov orqali davlat xizmatiga qabul qilingan OTMlar reytingida NamMQI top-20 talikka kirib, respublikada 11-o‘rinda qayd etildi. 

Davlat rahbari kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar imkoniyatidan samarali foydalanish zarurligini qayd etib, har bir viloyatda bittadan texnikumda yevropa kasbiy ta'lim standartlari joriy etilishi, kelgusi besh yilda barcha kollej va texnikumlar ushbu tizim bilan qamrab olinishini aytib o‘tdi. Shuningdek, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan birga alohida Muhandislik maktablari tashkil qilinishini bildirdi. Tarkibida texnikumlari ham bo‘lgan oliy o‘quv yurti sifatida bu yangilik biz uchun qanchalik muhim ekanligini ta'kidlashning hojati bo‘lmasa kerak.

Murojaatnomada “Endi olimlarimiz suv va energiyani tejash, tuproq unumdorligi va hosildorlik, geologiya, sanoat, qurilish kabi bugungi kunda biz uchun dolzarb yo‘nalishlarda aniq natijalar ko‘rsatishlari kerak”, —deya ta'kidlangan. Bu muhandislik-qurilish yo‘nalishida tahsil beradigan institutimiz jamoasi uchun ham salmoqli mas'uliyat yuklaydi. Mazkur vazifani sharaf bilan ado etamiz, degan umiddaman. 

 

Sharibboy Ergashev, 

Namangan muhandislik-qurilish instituti rektori

  • Share :