Yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplab berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatiladi
Hukumat qarori bilan “Yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplab berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti” tasdiqlandi.
Unga koʻra, ariza beruvchi xalqaro IT-sertifikat berilgan sanadan 180 kalendar kun mobaynida mazkur sertifikatni olish xarajatlarini qoplab berishni soʻrab, YAIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat qilishi lozim.
Ariza beruvchining xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarining 60 foizigacha boʻlgan qismini qoplab berishda ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikat talab etilmaydi.
Xalqaro IT-sertifikatlar boshlangʻich darajada boʻlganda 30 foiz, oʻrta darajada boʻlganda 40 foiz hamda professional darajada boʻlganda 60 foiz miqdorda sarflangan xarajatlar qoplab beriladi.
Ingliz tili boʻyicha V2 va undan yuqori darajadagi hamda professional darajadagi xalqaro IT-sertifikatga ega boʻlgan yoshlarning xalqaro IT-sertifikatni olish xarajatlari toʻliq qoplab beriladi.