• Namangan shahri, Islom karimov ko'chasi, 12 uy
  • +998 (69) 234-14-30
post image

Xitoy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik — institut uchun ustuvor yo‘nalish

Bugungi kunda Xitoy Xalq Respublikasi dunyoda ilm-fan va texnologiyalar borasida yetakchi mavqeni egallab kelmoqda. Shu bois mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari, jumladan, Namangan muhandislik-qurilish institutida ushbu davlat ta'lim muassasalari bilan hamkorlik masalalariga alohida e'tibor qaratib kelmoqda.

Institutning Xitoy oliy o‘quv yurtlari bilan aloqalari yillar mobaynida shakllanib kelgan. Jumladan, hozirga qadar 8 nafar professor-o‘qituvchimiz “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali Xitoyning nufuzli universitetlarida ta'lim oldi. 5 nafar professor-o‘qituvchi esa mazkur davlat oliy ta'lim muassasalari tomonidan e'lon qilingan 10 oylik malaka oshirish kurslarida ishtirok etib qaytdi.

2023 yil fevral'—may oylari davomida 3 nafar vakilimiz Uxan' texnologiyalar universiteti doktoranturasida tahsil olib qaytdi. “Bino va inshootlar qurilishi” kafedrasi dosenti Abdurasul Martazaev Xitoyda boshlagan ilmiy ishini muvaffaqiyatli davom ettirib, falsafa doktori dissertasiyasini himoya qilgan bo‘lsa,  Ravshanbek Mavlonov va Odiljon Fozilov hozirda ilmiy ishlarini yakunlash arafasida.

Institutimiz tomonidan Xitoydagi Uxan' texnologiyalar universiteti, Gulin texnologiya universiteti va Sariq daryo universiteti bilan mustahkam amaliy aloqalar o‘rnatilgan. 2024 yil mart-aprel oylari davomida Sariq daryo universitetiga 10 nafar professor-o‘qituvchini malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun yuborish, 2024/2025 o‘quv yilidan Uxan' texnologiyalar universiteti bilan hamkorlikda “1+1” tamoyili asosida magistratura mutaxassisligini tashkil etish, shuningdek, Tyan'szin universitetining iqtisodiyot va menejment maktabini ochish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Joriy yil 22-24 yanvar' kunlari Xitoyda birinchi O‘zbekiston—Xitoy ta'lim forumi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Ilk bor tashkil etilayotgan ushbu forumda ishtirok etadigan O‘zbekiston delegasiyasi tarkibida Namangan muhandislik-qurilish instituti mutasaddilari ham bor.

Biz mazkur anjuman davomida Pekin fan va texnika universiteti, Uxan' texnologiyalar universiteti, Lan'chjou universiteti, Tyan'szin universiteti va Donxua universiteti vakillari bilan uchrashib, amaliy hamkorlik shartnomalarini imzolashni rejalashtirganmiz.

Ikki hamkor davlatning 100 dan ortiq oliy ta'lim muassasalari rektorlari ishtirok etadigan ushbu nufuzli anjuman O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ta'lim borasidagi aloqalar yanada mustakamlanishi hamda kelgusida izchil davom etishida juda katta hissa qo‘shishiga ishonchimiz komil.

Sharifjon Ergashev, 
Namangan muhandislik-qurilish instituti rektori

  • Share :