Vazir birinchi ish kunini talabalar sharoitini oʻrganishdan boshladi
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalar turar joyida boʻldi. Vazir yotoqxonada talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, yoshlar boʻsh vaqtlarini qanday oʻtkazayotganlarini koʻzdan kechirdi.
Dastlab universitet masʼullari yoshlar uchun yaratilgan qulayliklar haqida maʼlumot berib, vazirni muassasa faoliyati bilan tanishtirdi. Talabalar turar joylaridagi xonalar, barcha sharoitlarga ega darsxonalari, maʼnaviyat xonasi, oshxona, kir yuvish xonalari, sport xonalari zarur jihozlar, maishiy buyumlar bilan taʼminlangan, hovlida esa jismoniy mashgʻulotlar uchun sport maydonchalari tashkil etilgan.
Samimiy oʻtgan muloqotda talaba-yoshlar yurtimizda yoshlarga qaratilgan eʼtibor, ularning iqtidorini namoyon qilishdagi imkoniyatlardan mamnun ekanliklarini aytdilar. Shuningdek, universitet tomonidan tashkil etilgan turli yoʻnalishdagi toʻgaraklar boʻsh vaqtlarini unumli oʻtkazishga xizmat qilayotganini qayd etdilar.
“Siz kabi yoshlar ilmli, vatanparvar, oʻz sohasining professionali boʻlishi uchun sifatli taʼlimni taʼminlash muhim vazifamiz. Sizlardan bor kuchingizni bilim olish va bilimlaringizni xayrli ishlarga yoʻnaltirishingiz talab etiladi” – dedi vazir.