Talabalarga ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish tizimi soddalashtiriladi
Oliy ta'lim, fan va innovasiyalar vazirligi “Oliy ta'lim muassasalari talabalarini turar-joy bilan ta'minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Hujjat loyihasiga muvofiq, 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat oliy ta'lim muassasalari talabalariga ijara to‘lovining bir qismini davlat byudjeti hisobidan qoplab berishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.
Bunda:
talabgorlarga oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat'i nazar Toshkent shahrida – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (300 ming so‘m), qolgan hududlarda – bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lanadi;
ijara shartnomasida ikki va undan ortiq talabalarni rasmiylashtirishda xonadonning maydoni har bir talaba uchun 12 metr kvadratdan kam bo‘lmasligi lozim;
talabalar safiga qabul qilingan va talabalar turar joyi bilan qamrab olinmagan oliy ta'lim muassasasidan uzoq joylashgan hududlardan kelgan birinchi bosqich talabalari (doimiy yashash joyi boshqa tumanda (shaharda) bo‘lgan ijara asosida yashaydigan talabalar)ga, oliy ta'lim muassasalariga ushbu maqsadlarda ajratilgan mablag‘lar doirasida sentyabr' va oktyabr' oylari uchun ijara shartnomasi talab etmasdan oylik ijara to‘lovining bir qismi qoplab beriladi hamda belgilangan tartibda ijara shartnomasi taqdim etgan talabalarga noyabr' oyidan to‘lovlar davom ettiriladi;
davlat oliy ta'lim muassasalari tomonidan ijara huquqi asosida yashayotgan, biroq ijara to‘lovlari ushbu qarorda belgilangan tartibda davlat byudjeti hisobidan qoplanadigan talabalarning 60 foizidan ortgan qismi uchun oylik ijara to‘lovi bir qismini ushbu oliy ta'lim muassasasi tomonidan tasdiqlangan mezonlar va tartib asosida moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqib byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi mumkin.
Talabalar bilan tuziladigan turar joy ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali masofadan turib biometrik identifikasiyalash (Face-ID) texnologiyasi orqali elektron shaklda real vaqt rejimida hisobga qo‘yishga ruxsat etiladi.
Belgilanishicha, 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta'lim muassasalari talabalarini yotoqxonaga joylashtirish onlayn shaklda amalga oshiriladi.