O‘zbekiston—Koreya oliy ta'lim muassasalari rektorlari forumi o‘tkaziladi
Oliy ta'lim fan va innovasiyalar vazirligi tomonidan 27 mart kuni O‘zbekiston—Koreya oliy ta'lim muassasalari rektorlari forumi o‘tkaziladi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida bo‘lib o‘tadigan xalqaro forumda 100 dan ortiq oliy ta'lim muassasalari rahbarlari, vazirlik va idoralar mas'ullari ishtirok etadi.
Anjumanda ikki mamlakat oliygohlari o‘rtasida ta'lim va fanni yanada integratsiyalashtirish, salohiyatli kadrlar tayyorlash, malaka oshirish va ilmiy faoliyatdagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Forum yakunida qator hamkorlik shartnomalari imzolanishi kutilmoqda. Bitimlar asosan ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratiladi.
Shuningdek, forum doirasida mehmonlar poytaxtimizdagi bir qator oliy o‘quv yurtlari, texnoparklar bilan tanishishlari hamda Samarqand shahriga ham tashrif buyurishi rejalashtirilgan.