Navoiy nomli viloyat musiqali drama teatrida Namangan muhandislik-qurilish institutining Yangi yil tadbiri bo‘lib o‘tdi
Tadbir uchun teatr binosi, foyesi va sahnasi bayramona bezatildi. Uning boshlanishidan avval institut professor-o‘qituvchilari va xodimlari bolalari uchun sovg‘alar tarqatildi.
Bayram tadbirida so‘z olgan institut rektori Sharifjon Ergashev jamoani Yangi yil bilan qutlab, o‘zining eng ezgu tilaklarini bildirdi.
—2023 yil biz uchun juda omadli keldi. Xalqaro reytinglardan mustahkam o‘rin oldik, milliy reytinglarda peshqadamlar safida bo‘ldik. Ilmiy daraja va unvon olgan professor-o‘qituvchilarimiz soni karrasiga oshdi. Bunday yutuqlarimiz kelgusi yilda ham bardavom bo‘lishini tilagan bo‘lardim, — dedi rektor.
“Mehnat faxriysi” esdalik nishoni sohibi, professor Muhammadyusuf Oppoqov institut mustahkam poydevorga ega ekanligi, ustozlar qoldirgan boy ilmiy maktab ishonchli qo‘llarda ekanligini ta'kidladi.
Bayram tadbiri taqdirlashlar bilan davom etdi va san'at ustalarining katta konserti bilan yakunlandi.