Namangan muhandislik-qurilish institutiga hujjat topshirgan abiturientlar soni 7 mingdan oshdi
NamMQIda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Qahramon Inoyatov ishtirokida qabul masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda qayd etilishicha, institutga bu yil jami 3200 ta kvota ajratilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 7,8 foizga ko‘p. Jumladan, bakalavriat kunduzgi ta'limga 1900, bakalavriat sirtqi ta'limga 1100, magistraturaga esa 200 ta o‘rin ajratildi.
Joriy yilgi qabul jarayonlariga 3 ta yangi ta'lim yo‘nalishi qo‘shildi. Bular dasturiy injiniring, elektr texnologiyalari va logistika, ya'ni transportda tashishni tashkil etish va boshqarish yo‘nalishlari bo‘lib, ular bugungi kunda talab eng kuchli bo‘lgan ixtisosliklar ekanligini aytib o‘tishning hojati bo‘lmasa kerak, — deya ta'kidladi Qahramon Inoyatov.
Ma'lumot uchun, Namangan muhandislik-qurilish institutiga joriy yil 3 iyul holatiga 7129 nafar abiturient hujjat topshirgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu kuniga nisbatan 629 nafar yoki 8,8 foizga ko‘p.
NamMQI media markazi