Namangan muhandislik-qurilish institutida Xitoy tadqiqot markazi tashkil etiladi
Institutda Xitoy oliy ta'lim muassasalarini xorijdagi oliy o‘quv yurtlari bilan bog‘lovchi agentlik — RuiPan xalqaro ta'lim tashkiloti rahbariyati bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.
NamMQI rektori Sharifjon Ergashev boshchiligidagi mutasaddilar Zoom platformasi orqali ishtirok etgan muloqotda Xitoydagi OTMlar bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, xitoylik professorlarni institutga jalb etish, institut o‘qituvchilari uchun stajirovka va malaka oshirish kurslari tashkil etish, yozgi maktab faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
RuiPan xalqaro ta'lim tashkiloti rahbariyati taklifiga ko‘ra institutda Xitoy tadqiqot markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu muassasa ikki davlat olim va tadqiqotchilari ilm-fanning dolzarb masalalari bo‘yicha hamkorlikda ish olib boradigan o‘ziga xos innovasion markazga aylanishi ko‘zda tutilgan.