Namangan muhandislik-qurilish institutida “Ota-onalar kongressi” bo‘lib o‘tdi
Kongress doirasida institut bilan tanishuvning ilk manzili sport majmuasi bo‘ldi. Bu yerda ularga sport to‘garaklari, talabalar safidan yetishib chiqqan chempionlar haqida hikoya qilindi.
Institut rektori Sharifjon Ergashev ota-onalarga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, institut tarixi va bugungi kuni haqida qisqacha hikoya qildi.
Shundan so‘ng ota-onalar laboratoriyalar, axborot-resurs va axborot texnologiyalari markazlari bilan tanishdi. “Ota-onalar va ustozlar bog‘i”da professor-o‘qituvchilar bilan birga ko‘chat ekdi. Ular uchun kofe-breyk tashkil etildi.
“Ota-onalar kongressi”ning asosiy qismida rektor, shuningdek, Ma'naviyat va ma'rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Musoxon Oppoqov, dekanlar, institutning sobiq bitiruvchisi, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi Sarvar Murodullaevning oliy ta'limdagi islohotlar haqidagi chiqishlari tinglandi.
Institutga yuqori ballar bilan kirgan talabalarning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi.