• Namangan shahri, Islom karimov ko'chasi, 12 uy
  • +998 (69) 234-14-30
post image

Namangan muhandislik-qurilish instituti rektori Sharibboy To‘lanovich Ergashevning Yangi yil tabrigi

Assalomu alaykum hurmatli professor-o‘qituvchilar, aziz talabalar!

Barchangizni kirib kelayotgan 2023 yil bilan institut rektorati va shaxsan o‘z nomimdan chin dildan qutlayman. O‘qish va ishlaringizga rivoj, xonadonlaringizga fayz-baraka tilayman.

Yil yakunida o‘tayotgan sanani sarhisob qilish odat tusiga kirgan. 2022 yil institutimiz uchun samarali kechdi deb aytishimiz mumkin. Avallo xalqaro va milliy reytinglar borasida.

NamMQI nufuzli Times Higher Education agentligining World University Rankings reytingida “reporter” maqomida qayd etildi va top-1000 talik reytingdan joy olish uchun da'vogarlar ro‘yxatiga qo‘shildi. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi e'lon qilgan eng ko‘p bitiruvchisi davlat xizmatiga qabul qilingan OTMlar reytingida esa top-20 talikka kirib, respublikada 11-o‘rinda qayd etildik.

Xalqaro aloqalarimiz izchil rivojlanib bormoqda. Institutimiz delegasiyasi Hindistonga tashrif buyurib, ushbu davlatning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik memorandumi imzolab keldi. Qozon federal universitetida qo‘shma ta'lim bo‘yicha tahsil olayotgan ilk qaldirg‘ochlarimiz o‘qishni tamomlab, diplomlarga ega bo‘lishdi.

Umuman, yil mobaynida 90 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar va talabalarimiz xorijdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida malaka oshirib qaytdi. O‘z navbatida, 100 nafarga yaqin xorijlik hamkorlar institutimizga tashrif buyurishdi. Ular AQSh, Rossiya, Turkiya, Chexiya, Slovakiya, Koreya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Malayziya OTMlari vakillari hisoblanadi.

Tashkiliy ishlar borasida ham quvonchli natijalarga erishildi. Institut 3-binosida zamonaviy IT-markazi, Hindistonning mamlakatimizdagi elchixonasi ko‘magida esa asosiy binoda “Hindiston xonasi” ochildi.

Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan yil davomida 50 ta monografiya, 18 ta darslik va 37 ta o‘quv qo‘llanmasi tayyorlandi, 15 ta ixtiroga patent, 180 ta dasturiy vositalar uchun guvohnomalar olindi, xalqaro ilmiy jurnallar, jumladan, Scopus va Web Of Science  tizimidagi nufuzli nashrlarda 670 ta maqola e'lon qilindi.

Professor-o‘qituvchilar tomonidan turli ilmiy loyihalar uchun 2,5 milliard  so‘m, talabalar tomonidan esa startap loyihalar 380 million so‘m grant mablag‘lari qo‘lga kiritildi.

2022 yilda institutda faoliyat olib borayotgan doktorant va professor-o‘qituvchilardan 25 nafari falsafa fanlari doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega bo‘ldi. Yana ko‘plari professor va dosent ilmiy unvonlarini qo‘lga kiritdi.

Institutda 2022 yilda jami 7 ta — 2 ta xalqaro, 3 ta respublika va 2 ta vazirlik miqiyosidagi ilmiy anjumanlar o‘tkazildi.

Namangan muhandislik-qurilish institutida bugungi kunda 10 ming nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda. Ular orasida zukko, bilimdon va kuchli talabalar ko‘pligidan quvonamiz. “Mirzo Ulug‘bek vorislari», “Uchinchi rennesans—yoshlar nigohida”, Hackathon, Universiada kabi tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalarimiz sanog‘ida esa ba'zan o‘zimiz ham adashib ketamiz. Kuni-kecha 5 nafar talabamiz Prezident, Islom Karimov va Beruniy nomli davlat stipendiyalari sohiblari bo‘lgani esa yana bir quvonchimizga sabab bo‘ldi.

Aziz do‘stlar!

Men bu kabi natijalarni yana uzoq sanab o‘tishim mumkin. Bularning barchasida jamoamizning, talabalarimizning munosib hissasi bor. Tilagim — davlat rahbari tomonidan “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili” deb e'lon qilingan 2023 yilda muvaffaqiyatlarimiz soni va salmog‘i bundan ham ko‘p bo‘lsin.

Faoliyatimizga ko‘z tegmasin, oilalarimiz tinch-omon bo‘lsin, kirib kelayotgan Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!

  • Share :