• Namangan shahri, Islom karimov ko'chasi, 12 uy
  • +998 (69) 234-14-30
post image

Hamkorlik ustuvor ahamiyatga ega

Bugungi kunda Xitoy Xalq Respublikasi dunyoda ilm-fan va texnologiyalar borasida yetakchi mavqeni egallamoqda. Shu bois mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari, jumladan, Namangan muhandislik-qurilish institutida Xitoy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Institutimizning Xitoy oliy o‘quv yurtlari bilan aloqalari yillar davomida shakllangan. Hozir sakkiz nafar professor-o‘qituvchimiz “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali Xitoyning nufuzli universitetlarida ta'lim oldi. Besh nafar professor-o‘qituvchi esa mazkur mamlakat oliy ta'lim muassasalari tomonidan e'lon qilingan o‘n oylik malaka oshirish kurslarida ishtirok etdi.  

O‘tgan yilning fevral'-may oylari davomida uch nafar vakilimiz Uxan' texnologiyalar universiteti doktoranturasida tahsil oldi. “Bino va inshootlar qurilishi” kafedrasi dosenti Abdurasul Martazaev Xitoyda boshlagan ilmiy ishini muvaffaqiyatli davom ettirib, falsafa doktori dissertasiyasini himoya qilgan bo‘lsa, Ravshanbek Mavlonov va Odiljon Fozilov hozir ilmiy ishlarini yakunlash arafasida.  

Institutimiz tomonidan Xitoyning Uxan' texnologiyalar universiteti, Gulin texnologiya universiteti va Sariq daryo universiteti bilan mustahkam amaliy aloqalar o‘rnatilgan. 2024 yil mart-aprel oylari davomida Sariqdaryo universitetiga 10 nafar professor-o‘qituvchini malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun yuborish, 2024-2025 o‘quv yilidan Uxan' texnologiyalar universiteti bilan hamkorlikda “1+1” tamoyili asosida magistratura mutaxassisligini tashkil etish, shuningdek, Tyan'szin universitetining iqtisodiyot va menejment maktabini ochish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

  • Share :