Shavkat Mirziyayevning O'zbek tili bayrami munosabati bilan O'zbekiston xalqiga bayram tabrigi.
Muhtaram vatandoshlar!
Аvvalo, Siz, azizlarni bugungi qutlugʼ ayyom – Oʼzbek tili bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Inson uchun kindik qoni tomgan Vatani, dunyoga keltirib voyaga yetkazgan ota-onasi qanchalik aziz va mukarram boʼlsa, uning oʼzligi va maʼnaviy olamini belgilaydigan ona tili ham shunchalik qadrli va moʼʼtabardir.
Qadim turkiy tilimizni ilk bor ilmiy asosda tadqiq etgan buyuk alloma Mahmud Koshgʼariyning: “Erdam boshi tildur”, yaʼni “Barcha ezguliklar tildan boshlanur”, degan soʼzlarida teran haqiqat mujassam. Darhaqiqat, odamzot qalbidagi jamiki olijanob fazilatlar ona tilining betakror moʼʼjizasi, sehri va jozibasi bilan kamolga yetadi.
Xalqimiz tafakkurining tiniq koʼzgusi boʼlgan bu bebaho xazinani asrab-avaylash va rivojlantirish bugungi kundagi eng sharafli vazifalarimizdan biridir.
Ulugʼ mutafakkir Mir Аlisher Navoiy bobomizning: “Tilga eʼtibor – elga eʼtibor”, degan dono oʼgitlariga amal qilgan holda, yurtimizda til masalasida olib borilayotgan davlat siyosati inson qadrini ulugʼlashga qaratilgan tub islohotlarimizga har tomonlama uygʼun va hamohangdir.
Soʼnggi yillarda mamlakatimizda oʼzbek tilini rivojlantirish, uning hayotimizdagi oʼrni va taʼsirini oshirish borasida yangi bosqich boshlandi, desak, ayni haqiqat boʼladi.
Xususan, 21 oktyabrь – Oʼzbek tili bayrami kuni deb belgilangani unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Davlat tilining nufuzi va maqomini yuksaltirishga qaratilgan farmon va qarorlar, meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi. Ushbu yoʼnalishda 2020-2030 yillarga moʼljallangan kontseptsiya va alohida dastur hayotga joriy etilmoqda.
Bu haqda gapirganda, yaqinda qabul qilingan tegishli qonunlarga asosan reklama va targʼibot materiallarini davlat tilida eʼlon qilish tartiblari hamda davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilishda oʼzbek tilini bilish darajasi boʼyicha aniq talablar belgilanganini taʼkidlash lozim.
Vazirlar Mahkamasi tarkibida Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamentining faoliyati yoʼlga qoʼyildi. Markazda va joylarda davlat tilini oʼrgatish kurslari ish olib bormoqda.
Qisqa vaqt ichida besh jildlik “Oʼzbek tilining izohli lugʼati”, oʼndan ortiq sohaga oid atamalar lugʼatlari, oʼttiz jildlik “Istiqlol davri oʼzbek navoiyshunosligi” tadqiqotlar majmuasi yaratildi.
Shu kunlarda ona tilimizda “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli yuz jildlik muhtasham toʼplam nashrdan chiqayotgani, faol va isteʼdodli yoshlarimizning saʼy-harakatlari bilan Internet tarmogʼidagi oʼzbekcha maʼlumotlar elektron bazasi boyitib borilayotgani quvonarli hol, albatta.
Oʼzbek mumtoz va zamonaviy adabiyotining sara namunalari xorijiy tillarga tarjima qilinib, chet ellik kitobxonlarning ham eʼtiborini qozonmoqda. Isteʼdodli olim va ijodkorlarimiz qalamiga mansub ilmiy va badiiy asarlar nufuzli xalqaro mukofotlarga sazovor boʼlmoqda.
Xorijiy davlatlar oʼquvchilari oʼrtasida Oʼzbek tili va adabiyoti xalqaro olimpiadasini oʼtkazish yoʼlga qoʼyilgani ham ona tilimizni keng targʼib qilishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda jahon miqyosida 50 millionga yaqin kishi oʼzbek tilida soʼzlashmoqda. Koʼplab mamlakatlarda bu goʼzal va jozibali til katta ishtiyoq bilan oʼrganilmoqda.
Аyni paytda, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlarning tili, madaniyati va qadriyatlarini asrab-avaylash hamda rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratilmoqda. Biz bu yoʼnalishda olib borayotgan ishlarimizni kelgusida ham izchil davom ettiramiz.
Hurmatli doʼstlar!
Hammamizga ayonki, koʼp millatli xalqimizni yuksak maʼrifatli jamiyat barpo etishdek ezgu maqsad yoʼlida jipslashtirish, yurtdoshlarimiz qalbiga yagona Vatan, umumiy farovon kelajak tuygʼusini singdirishda oʼzbek tili birlashtiruvchi ahamiyatga egadir.
Shu bois, Yangi Oʼzbekistonni har tomonlama taraqqiy ettirish, Uchinchi yuksalish davri poydevorini yaratishga qaratilgan tarixiy islohotlar jarayonida oʼzbek tilini rivojlantirish boʼyicha belgilab olgan vazifalarimizni izchil davom ettirishimiz lozim.
Bugungi kunda yoshlarimizning dunyoqarashi, odob-axloqi va nutq madaniyatiga salbiy taʼsir koʼrsatayotgan illatlar, ayniqsa, turli elektron vositalar orqali tobora kuchayib borayotgan maʼnaviy tahdidlarga qarshi maʼrifat va ilm bilan samarali kurash olib borish hayotiy zaruratga aylangan.
Bu borada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining tilini oʼzbekchalashtirish, butunjahon Internet tarmogʼidagi milliy segmentni yanada boyitish, oʼzbek va xorijiy tillar boʼyicha lugʼat va soʼzlashgichlarning yangi avlodini yaratish kechiktirib boʼlmas vazifalarimiz sirasiga kiradi.
Jahon taraqqiyoti yutuqlari va qimmatli manbalarni oʼzbek tiliga tarjima qilish orqali ona tilimizni ilm-fan va innovatsiyalar tili sifatida rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratishimiz zarur.
Shu maʼnoda, XX asr boshida yashab ijod qilgan, oʼzbek, arab, fors, hind, turk va rus tillaridagi soʼzlarni oʼz ichiga olgan bebaho lugʼat kitobini yaratgan maʼrifatparvar bobomiz Ishoqxon Ibratning: “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʼz ona tilini koʼzlariga toʼtiyo qilib, ehtirom koʼrsatsinlar. Zero, oʼz tiliga sadoqat – bu Vataniy ishdir”, degan hikmatli soʼzlari biz uchun muhim dasturilamal, hayot yoʼlimizni yoritadigan mayoq boʼlib xizmat qilishi kerak.
Fursatdan foydalanib, milliy oʼzligimiz va gʼururimiz timsoli boʼlgan ona tilimizni asrab-avaylash va rivojlantirishdek sharafli ishga munosib hissa qoʼshib kelayotgan barcha fidoyi vatandoshlarimizga chin qalbdan minnatdorlik bildiraman.
Аziz yurtdoshlar!
Sizlarni yana bir bor Oʼzbek tili bayrami bilan samimiy qutlab, barchangizga mustahkam salomatlik, oilangizga qut-baraka, tinchlik va omonlik tilayman.
Ona tilimizning soʼnmas ziyosi ongu tafakkurimiz, qalblarimizni hamisha yoritib tursin!
Shavkat MIRZIYOYEV,
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti