Seysmik faol zonalarda qurilishi rejalashtirilayotgan ob'ektlarga ilmiy xulosalar beriladi
Hukumat qarori bilan “Respublikaning seysmik faol zonalarida qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili IV toifaga mansub bo‘lgan bino va inshootlarga zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosalar berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Nizomga ko‘ra, loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangandan keyin ular xavflilik omili IV toifaga mansub ob'ektlarga zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosalar olish hamda ekspertizadan o‘tkazish uchun buyurtmachi tashkilotlar tomonidan Qurilish vazirligiga taqdim etiladi va quyidagi muddatlarda xulosa beriladi:
-loyiha-smeta hujjatlari uch kun muddatda zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosalar olish uchun Fanlar akademiyasiga yo‘naltiriladi;
-hujjatlar yo‘naltirilgandan so‘ng bir kun muddatda buyurtmachi tashkilotlar Fanlar akademiyasiga buyurtmanoma taqdim etadi;
-Fanlar akademiyasi o‘n ish kuni davomida buyurtmachilar bilan shartnoma rasmiylashtiradi hamda nazariy va amaliy tajriba sinovidan o‘tkazish ishlarini tashkil etadi;
-Fanlar akademiyasi bir oydan uch oygacha bo‘lgan muddatda ilmiy tajriba-sinov natijalari asosida ilmiy xulosa qabul qiladi;
-Fanlar akademiyasi ilmiy xulosa qabul qilgandan keyin uch ish kuni davomida zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosaning nusxasini buyurtmachiga yetkazadi;
-shartnoma shartlari to‘liq bajarilganda xulosaning asli va taqdim etilgan hujjatlar buyurtmachiga beriladi.
Ma'lumot uchun, 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab respublikaning seysmik faol zonalarida yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili IV toifaga mansub bo‘lgan ob'ektlarga zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosalar berish tartibi joriy etilgan.