• Namangan shahri, Islom karimov ko'chasi, 12 uy
  • +998 (69) 234-14-30
post image

Oʼzbekiston xalqiga murojaat

Qadrli vatandoshlar!

 

Bugungi kunda mamlakatimizda inson qadri, uning huquq va manfaatlarini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʼnalishi etib belgilangan. Bu jarayonda barcha fuqarolarimiz kabi nogironligi boʼlgan yurtdoshlarimizga eʼtibor va amaliy gʼamxoʼrlik koʼrsatish, ularni har tomonlama qoʼllab-quvvatlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Bu borada chuqur insonparvarlik gʼoyalari bilan yoʼgʼrilgan saʼy-harakatlarimiz 3 dekabrь – Xalqaro nogironlar kunidan koʼzlangan maqsad va vazifalarga uygʼun va hamohang ekanini taʼkidlash lozim.

Dunyo mamlakatlari qatori yurtimizda ham keng nishonlanayotgan mazkur sana munosabati bilan mamlakatimizdagi 1 millionga yaqin nogironligi boʼlgan yurtdoshlarimizga oʼzimning samimiy hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Maʼlumki, Oʼzbekistonda nogironligi boʼlgan shaxslarga jamiyat va davlat tomonidan koʼmak va yordam berish, ularni ijtimoiy- siyosiy hayotga faol jalb etishga qaratilgan keng koʼlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi vaqtda ushbu toifaga mansub fuqarolarni qoʼllab-quvvatlashga ixtisoslashgan bir qator tuzilmalar, xususan, Oʼzbekiston nogironlar jamiyati, Nogironlar assotsiatsiyasi, Koʼzi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati samarali faoliyat koʼrsatmoqda.

Eng muhimi, taqdir taqozosi bilan nogiron boʼlib qolgan bironta ham yurtdoshimiz xalqimizning, davlat idoralarining mehru eʼtiboridan chetda qolmasdan, oʼzining mehnati va qobiliyati bilan nafaqat hayotda oʼz oʼrnini egallab kelmoqda, balki azmu matonati, sabr-bardoshi va shukronalik fazilatlari bilan koʼpchilikka ibrat boʼlmoqda.

Biz sizlarning bunday olijanob intilishlaringizni yuksak qadrlaymiz va ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi faol ishtirokingiz uchun barchangizga chuqur minnatdorlik bildiramiz.

Аziz doʼstlar!

Jamiyatimizning ajralmas bir qismi boʼlgan nogironligi bor fuqarolarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida keyingi yillarda mamlakatimizda bir qator qonunlar hamda 25 dan ortiq boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, mustahkam qonuniy baza yaratildi. 

 

Bu esa mazkur toifa vakillariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʼrsatish, ularning bilim olishi, mehnat qilishi, malakali tibbiy xizmatlardan foydalanishi, oʼz isteʼdod va salohiyatini roʼyobga chiqarishi, muxtasar aytganda, oʼzlarini jamiyatimizning toʼlaqonli aʼzosi deb his etishlari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish imkonini bermoqda.

Bugun, butun xalqimizga murojaat qilib, siz, aziz vatandoshlarimni bu yoʼnalishda boshlagan xayrli ishlarimizni faol davom ettirishga chaqiraman. Shu maqsadda, biz barcha fuqarolar, jumladan, nogironligi boʼlgan shaxslar uchun bir xil imkoniyatlar amal qiladigan inklyuziv jamiyatni barpo etish boʼyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiramiz. Shu asosda nogironlikni belgilashning allaqachon eskirgan tibbiy modelidan umumeʼtirof etilgan ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich oʼtishni oʼz oldimizga muhim vazifa qilib qoʼyganmiz.

Bundan buyon bino va inshootlarni qurish, rekonstruktsiya qilish, jamoat transporti, axborot va aloqa vositalarini ishlab chiqarishda nogironligi boʼlgan shaxslarning ulardan hech bir moneliksiz foydalana olishiga birlamchi ahamiyat qaratiladi.

Nogironligi bor shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazlaridagi qamrov hajmini 2 barobar oshirish, hududlarda faoliyat koʼrsatayotgan 10 ga yaqin shunday markazlarni kengaytirib, zamonaviy tibbiy va reabilitatsiya uskunalari bilan jihozlash ishlari amalga oshiriladi.

Ishontirib aytamanki, sizlar oʼzlaringizni yolgʼiz his etmasligingiz, zarur bilim va kasb-hunarlarni egallab, barcha soha va tarmoqlarda faol ishtirok etishingiz, jismoniy tarbiya va sport bilan shugʼullanishingiz, madaniy ehtiyojlaringizni taʼminlashingiz uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz.

Fursatdan foydalanib, barchangizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, oilaviy baxt-saodat va omad tilab qolaman.

Chuqur hurmat bilan,

Shavkat Mirziyoev,

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti

  • Share :