“O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun Prezident tomonidan imzolandi
Qonun bilan davlat bayrog‘idan foydalanilishi mumkin bo‘lgan holatlar kengaytirildi, jumladan:
- bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylarida, binolarda, yashash yoki ish joylarida, transport salonida;
- bayroqdan sport musobaqalari, ommaviy, tantanali va madaniy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarni nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilar dafn marosimlarida;
- xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyimlarini tayyorlash uchun bayroqning tasviri tushirilgan belgilardan foydalanish mumkin.
Shuningdek, Qonun bilan bayroqqa nisbatan hurmatsizlik qilish holatlari aniq belgilandi, xususan:
- bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi oqargan holda va boshqa nomaqbul tarzda foydalanish;
- biror-bir narsa uchun ustki yoping‘ich sifatida foydalanish;
- stollarga, o‘rindiqlarga, stullarga to‘shash yoki tasvirlash, undan qoplama sifatida foydalanish, o‘tiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga to‘shash yoki tasvirlash;
- kiyim-kechak, dastro‘mol yoki ko‘rpa-to‘shak sifatida, buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanish;
- bayroq tasviri tushirilgan belgilarni poyabzal, dastro‘mol, ko‘rpa-to‘shak, ichki kiyim-kechakga, sochiqlarga, qutilarga (o‘rovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun mo‘ljallangan buyumlarga bosib chiqarish yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirish;
- bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-ahloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda foydalanish mumkin emas.
Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.