“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilindi
Prezident farmoni bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi hamda uni 2023 yilda o‘zi vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi quyidagi 5 ta ustuvor yo‘nalish hamda 100 ta maqsaddan iborat:
▪️ har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish;
▪️ barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta'minlash;
▪️ suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish;
▪️ qonun ustuvorligini ta'minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish;
▪️ “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish.
Qarorga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan:
➖davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan to‘yintirilgan non mahsulotlari berilishi yo‘lga qo‘yiladi;
➖Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir va Xonqa tumanlarida eksperiment tariqasida, barcha boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta'lim planshetlari bilan ta'minlanib, kelgusida mazkur tajriba respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etiladi;
➖banklarning nodavlat umumiy o‘rta ta'lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun qiymati 20 milliard so‘mgacha kreditlar bo‘yicha, foiz stavkasi asosiy stavkadan oshadigan, lekin uning 1,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun kompensasiya taqdim etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
2023/2024 o‘quv yilidan:
➖umumiy o‘rta ta'lim muassasalari 10-sinf o‘quvchilarini kasb-hunarlarga o‘rgatish kurslari joriy etiladi;
➖Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar umumiy o‘rta ta'lim muassasalari uchun “tayanch maktab” etib belgilanadi.