• Namangan shahri, Islom karimov ko'chasi, 12 uy
  • +998 (69) 234-14-30
post image

Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq firibgarlik holatlariga chek qo‘yildi

Quvasoy shahridagi maxsus maktab-internati xodimi muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan, Farg‘ona davlat universiteti talabasi bilan o‘zaro til biriktirib, mahalliy fuqaroni mazkur oliy ta'lim muassasasining «Boshlang‘ich ta'lim va sport-tarbiyaviy ishi» yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3400 AQSh dollari talab qilishadi. 

 

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, maxsus maktab-internati xodimi so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

 

Buvayda tumanida kuzatilgan holatda esa umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘qituvchisi yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali, Rishton tumanida yashovchi fuqaroning Qirg‘iz Respublikasi oliy o‘quv yurtidagi o‘qishini Andijon davlat tibbiyot institutiga ko‘chirib berish evaziga 8 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 1500 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

 

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning shahar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi mansabdor tanishlari orqali, Nurafshon shahrida yashovchi fuqaroni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 7500 AQSh dollari talab qilib, oldindan 4000 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

 

Boshqa bir holatda esa Buxoro innovatsiyalar universiteti xodimi mahalliy fuqaroni aldov yo‘li bilan ishonchiga kirib, uni Qirg‘iz Respublikasidagi oliy o‘quv yurtida o‘qiyotganligi to‘g‘risida soxta hujjatlar tayyorlab, go‘yoki ko‘chirish yo‘li bilan Buxoro shahridagi Osiyo xalqaro universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 26 mln. so‘m talab qiladi va oldindan 500 AQSh dollari va 14 mln. 400 ming so‘m olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlandi.

 

Bu yo‘nalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazishdi. Unda, Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida yashovchi, 1997 y.t. shaxs Guliston shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroning ishonchiga kirib, tanishlari yordamida uni Guliston davlat universitetining «Ijtimoiy-iqtisodiy» fakultetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4500 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

 

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyati ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.  

  • Share :