NamMQI vakillari Qirgʻizistonda Chingiz Aytmatov qabrini ziyorat qildi
Bishkekdagi Qirgʻiz-Turk Manas universitetiga xizmat safari chogʻida vakillarimiz qirgʻiz adabiyotining eng yirik namoyondalaridan biri, asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilinib, qayta-qayta nashr etib kelinayotgan oʻzbek kitobxonlarining sevimli adibi Chingiz Aytmatov qabrini ziyorat qildi.
Adib oʻz vasiyatiga koʻra Qirgʻizistonning “Ota-Bayit” yodgorlik majmuasiga dafn etilgan. Stalin davri qatagʻon siyosati qurboni boʻlgan qirgʻizistonlik maʼrifatparvarlar qatorida Ch.Aytmatovning otasi Toʻraqul Aytmatov ham 1938-yilda shu joyda qatl etilib, umumiy qabrlarga koʻmib yuborilgan.
Ziyoratchilar Ch.Aytmatovning otasi va boshqa maʼrifatparvarlar haqida koʻplab muhim maʼlumotlar bilan tanishdi. Qurʼoni karim tilovat qilinib, turkistonlik jadidlar faoliyati va qatagʻon davrida ularning boshiga tushgan musibatlar xotirlandi.