NamMQI talabasi o‘q otish sporti bo‘yicha jahon chempionati kumush medalini qo‘lga kiritdi!
Misr poytaxti Qohirada o‘q otish sporti bo‘yicha jahon chempionati davom etmoqda. Musobaqaning kechagi kuni O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi uchun unutilmas natija bilan tarixda qoladigan bo‘ldi. Boisi, unda 10 metrga pnevmatik to‘pponchadan otish bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi jamoaviy bahsda qatnashgan yigitlarimiz kumush medalni qo‘lga kiritishdi.
Hamyurtlarimiz hal qiluvchi bahsda hindistonlik tengqurlariga qarshi bahs olib bordi. Murosasiz kechgan bellashuvda Hindiston jamoasi 16:8 hisobida g‘alaba qozondi va oltin medallarni rasmiylashtirdi.
Musobaqa davomida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan Muhammad Kamolov (Namangan muhandislik-qurilish instituti Iqtisodiyot va boshqaruv fakulteti uchinchi bosqich talabasi), Veniamin Nikitin va Ilhombek Obidjonovga tasanno aytamiz. Barakalla, yigitlar!