Namanganda 1200 o‘rinli test sinovlari markazi barpo etildi
Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi “Yuksalish” dahasida 2 gektar maydonni egallagan markaz 1200 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bunday inshoot hozircha faqat Buxoro va Xorazmda barpo etilgan.
Markaz yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulangan, qo‘shimcha energiya zaxirasiga ega, kuzatuv kameralari va videoqayd etish uskunalari bilan jihozlangan. Shuningdek, ushbu binoda Bilim va malakalarni baholash agentligi Namangan viloyat bo‘limi ham joylashadi.
Markazdagi ish jarayoni joriy yil 15 iyul kuni Prezident maktablariga imtihonlar bilan boshlanadi. Bu avgust oyida bo‘lib o‘tadigan oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlariga o‘ziga xos tayyorgarlik vazifasini o‘taydi.
Namanganda joriy yil 77 ming nafardan ortiq abiturient OTMlarga hujjat topshirishi kutilmoqda. Yangi barpo etilgan markazdan tashqari Namangan muhandislik-qurilish instituti akademik litseyi va Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasi binolari ham test sinovlarini o‘tkazish uchun tayyorlanmoqda.