Namangan muhandislik-qurilish instituti rektori Sharifjon Toʻlanovich Ergashevning 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan TABRIGI
Hurmatli professor-oʻqituvchi ayollar, ishchi-xodimalar, talaba qizlar!
Sizlarni 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan institut jamoasi va shaxsan oʻz nomimdan samimiy tabriklayman.Oilangiz va yaqinlaringiz, ayol qadrini eʼzozlab yashaydigan el-yurtimiz baxtiga sogʻ-omon boʻlishingiz, doim shunday shukuhli kayfiyatda yurishingizni tilayman.
Institutimizda bugungi kunda 250 nafar ayol faoliyat yuritib kelmoqda. Ulardan 82 nafari professor-oʻqituvchilar hisoblanadi. 2023-yilning oʻzida ulardan 10 nafari falsafa doktori — PhD darajasiga ega boʻldi. Ayollarimiz turli mahalliy va xorijiy tanlovlarda munosib ishtirok etib, kitob va qoʻllanmalar chop etib, institut reytingi uchun salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda.
Professor-oʻqituvchi ayollarimiz safi tobora kengayib borayotganini inobatga olib, institutimizda ilk bor “Olima ayollar kengashi” tuzildi. Biz 2024-yilda ham ilmiy daraja va unvonlarga munosib koʻrilgan ayollarimiz soni yanada koʻpayishidan umidvormiz.
Talaba-qizlarimiz ham oʻz muvaffaqiyatlari bilan bizlarni quvontirib kelmoqda. Jumladan, 2023-2024 oʻquv yilida davlat stipendiyalarini olishga erishgan 6 nafar talaba qatorida Islom Karimov stipendiyasi sohibi Shahzoda Gʻulomjonova va Beruniy nomli stipendiya sohibi Husniobod Valijonova bor. Institutda tashkil etilgan “Qalqon” guruhi safida ham 4 nafar qizimiz borligi kishini quvontiradi.
Prezidentimizning kecha, 7-mart kuni Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida qayd etilganidek, “Ayollarning, xususan, qiz bolaning oʻqib, oliy maʼlumotli boʻlishi, kasb-hunar egallashi oila baxti, farzandlar kamoli uchun, shu asosda butun jamiyat ravnaqi uchun xizmat qiladi”.
Biz ham davlat rahbarining oliy taʼlimda xotin-qizlar oʻrnini mustahkamlash boʻyicha amalga oshirayotgan siyosatini qoʻllab-quvvatlaymiz va bu boradagi saʼy-harakatlarimizni yanada kuchaytiramiz.
Aziz ayollar, qadrli opa-singillar!
Sizlarga sihat-salomatlik, baxt-saodat va tinchlik-xotirjamlikni tilayman. Institutimiz ravnaqi yoʻlidagi faoliyatingiz va oʻqishlaringizda muvaffaqiyat hamisha yor boʻlsin. Bayramingiz bilan!