“Marion Biotech” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalarining savdosi vaqtinchalik to‘xtatildi
2022 yil 30 dekabrdan boshlab Hindistonning “Marion Biotech” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi vaqtinchalik to‘xtatildi.
Dori olayotganda qadog‘iga qarang, agar "MARION BIOTECH" bo‘lsa olmang, o‘zingiz va yaqinlaringiz sog‘ligini asrang!
Shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi yurtimiz dorixonalarida Hindistonning “Marion Biotech Pvt.Ltd” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “DOK-1 MAKS sirop 100 ml” va “DOK-1 tabletki №10” dori vositalarining realizatsiyasini to‘xtatish, realizatsiya qilingan qoldiq dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish ko‘rsatmasini bergan bo‘lib, ushbu dori vositasi respublikamizdagi barcha dorixonalar rastalaridan tezkorlik bilan yig‘ib olindi.
Agar biror tadbirkorlik sub'ektida mazkur “DOK-1 MAKS sirop 100 ml” va “DOK-1 tabletki №10” dori vositalari qolgan bo‘lsa, bu haqda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining murojaatlar bo‘limiga zudlik bilan xabar berish so‘raladi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Agar ushbu dori vositasini sotib olgan bo‘lsangiz va hozir bu preparat uyingizda saqlanayotgan bo‘lsa, uni zinhor qo‘llamaslikni, shuningdek, dorixonalarda Hindistonning “Marion Biotech Pvt.Ltd” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalarining savdosiga guvoh bo‘lgan taqdiringizda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi yoki uning shahar va tumanlar bo‘limlariga hamda quyidagi ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingizni so‘raymiz.
Murojaat uchun telefon: 1103
Quyida kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan asosiy dori vositalari ro‘yxatini e'tiboringizga havola etamiz:
➖ “Anasep” gel;
➖ “Beldomaks” nomidagi barcha dori vositalari;
➖ “Breveflora” kasulalari;
➖ “Dok-1 Maks” nomidagi barcha dori vositalari;
➖ “Kyuramaks Vitalong” kapsulalari;
➖ “Levoreks” nomidagi barcha dori vositalari;
➖ “Naytfors” tabletkasi;
➖ “Tergamon-sul” dori vositasi;
➖ “Travanayt” tabletkalari;
➖ “Ferofort” nomidagi barcha dori vositalari;
➖ "Kyurazit" nomidagi barcha dori vositalari;
➖ "Nol gripp" nomidagi barcha dori vositalari;
➖ "Sinepar" nomidagi barcha dori vositalari;
➖ "Ambronol" siropi;
➖ "Travamaks" nomidagi barcha dori vositalari;
➖ “Frakdjoin” kapsulalari.