Institutda “Kasbiy koʻnikma va mahoratni oshirish tadqiqot markazi” tashkil etildi
Sanoatni axborotlashtirish fakulteti tashabbusi bilan tashkil etilgan markazning ilk tadbiri “Mutaxassislik fanlarini xorijiy tillar yordamida oʻqitish va talabalar kasbiy kompetensiyasini rivojlantirish” mavzusiga bagʻishlandi. Institut xorijiy tillar kafedrasi oʻqituvchisi Durdona Ismatullayeva tomonidan texnika yoʻnalishlari talabalariga ESP va ESL uslublarini qoʻllash boʻyicha ochiq dars tashkil etildi.
Darsda texnikaning turli yoʻnalishlari talabalarini bir auditoriyaga jamlab oʻqitish samaradorligi tahlil qilindi. Bu uslub rivojlangan davlatlar tajribasida ham qoʻllangan. Jarayonda oʻyin elementlari, video va audiotopshiriqlardan foydalanib, talabalarning mutaxassisliklari maʼlumotlarini ingliz tilida gapirish, eshitish va yozish koʻnikmalarini rivojlantirishga erishildi. Ular oʻrtasida anketa-soʻrovnoma oʻtkazildi.
Ochiq darsda institut rektori Sharifjon Ergashev, fakultet dekani Abdurahim Qahhorov ishtirok etdi.