Institutda “Ilmli ayol — jamiyat koʻzgusi” mavzusida forum boʻlib oʻtdi
“Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar xalqaro kuni”ga bagʻishlangan forumni kirish soʻzi bilan ochib bergan institut rektori Sharifjon Ergashevning qayd etishicha, bugungi kunda institutda 82 nafar ayol professor-oʻqituvchi faoliyat olib bormoqda. Oʻtgan yilning oʻzida ulardan 10 nafari falsafa doktori darajasini oldi.
Shuningdek, boʻlajak olimalar safida 34 nafar magistr, 11 nafar doktorant bor. Ushbu ilmiy salohiyatni inobatga olib, institutda “Olima ayollar kengashi” tuzildi.
Ishtirokchilarni Namangan shahar hokimligi vakili Dilorom Turgʻunboyeva qutladi va hokimlik nomidan esdalik sovgʻalarini topshirdi.
Tadbir davomida mehnat faxriysi Salomatxon Karimboyeva, professor, “Olima ayollar kengashi” raisi Ozoda Abdullayeva, dotsentlar Gulnoza Majidova va Munira Oʻktamovaning chiqishlari tinglandi.
Forum yakunida bir guruh faol professor-oʻqituvchilar institut rektorining tashakkurnomasi va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.