IQTIDORLI TALABALARNING ILMIY-TADQIQOT FAOLIYATINI TASHKIL ETISH BO‘LIMI
Bo‘limning asosiy maqsadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ – 3775 - son qaroriga muvofiq har bir oliy ta’lim muassasasida 1-kurs davomida saralab olingan eng iqtidorli talabalar uchun alohida guruhlar tashkil etish (mazkur guruhlardagi talabalar soni oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilanadi), 2-kursdan ularni o‘qitishni alohida o‘quv reja va dasturlar asosida amalga oshirish, ushbu toifadagi talabalarni magistraturaga maqsadli qabul qilish va bu orqali oliy ta’lim muassasalari kafedralari uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish, institutda iqtidorli talabalarni maqsadli ilmiy faoliyatga jalb qilish va yo‘naltirish, kafedralar hamda fakultetlarda bu borada olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirishdan iborat.
Asosiy vazifalari:
- institutda iqtidorli talabalarning intellektual salohiyati, chuqur bilim olishga va qobiliyatlarini rivojlantirishga shart-sharoit yaratish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
- institutning yuqori bilim va malakaga ega professor-o‘qituvchilarini iqtidorli talabalar bilan individual ishlashga jalb etish;
- iqtidorli talabalarni ilm-fan taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlariga keng jalb etish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
- institutda iqtidorli talabalar bankini shakllantirish va uning monitoringini amalga oshirish;
- iqtidorli talabalar uchun maxsus o‘quv dasturlari, zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
- ilmiy tadqiqot ishlarida yuqori natijalarga erishgan iqtidorli talabalar va ularga biriktirilgan professor-o‘qituvchilarni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
- institut kafedralarining iqtidorli talabalar faoliyatini yanada kengaytirish bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot institutlari bilan ilmiy hamkorlikni tashkil etish, muvofiqlashtirish va boshqarish;
- institutning ilmiy jamoatchiligini keng jalb qilgan holda iqtidorli talabalar faoliyatini tashkil etishning yillik va istiqbol rejalarini tuzish hamda institut Kengashi muhokamasiga kiritish. Tasdiqlangan rejalar ijrosini nazorat qilish;
- institutda iqtidorli talabalarning reyting rejalari ishlab chiqilishiga hamda uning monitoringi yuritilishiga rahbarlik qilish;
- iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha yillik hisobotlarini tahlil qilish jarayonlarini tashkil etishga rahbarlik qilish.
- institutning iqtidorli talabalar faoliyatiga oid yillik hisobotni shakllantirish hamda institut kengashi muhokamasiga olib chiqish;
- iqtidorli talabalar va ularning faoliyatiga oid ma’lumotlarni institutning rasmiy veb-saytida yoritib borilishini ta’minlash;
- buyurtmachilar talablarini qondiruvchi malakali, har tomonlama kamol topgan kadrlarni tayyorlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
Iqtidorli talabalarni tanlash tamoyillari
Iqtidorli talabalarni izlash o‘qishning dastlabki kunlaridan va kasbga yo‘naltirish ishlarini olib borish jarayonida amalga oshiriladi.
Barcha fanlardan yuqori reyting ko‘rsatkichiga erishgan va maxsus dastur asosida o‘qishga xohishi bor talabalar maxsus (ixtisosliklar bo‘yicha) sinovlardan o‘tadilar.
Maxsus sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan va o‘zlarining xohishlariga ko‘ra ilmiy ishlar bajarishga, chet tili, axborot texnologiyalari, fundamental va maxsus fanlarni chuqurlashtirilgan dastur asosida o‘qishga moyilligi bor talabalar «Iqtidorli talaba» deb tan olinadi.
Iqtidorli talabalar quyidagi talablarga javob berishlari zarur:
• fanlarni yuqori darajada o‘zlashtirishi;
• chet tillaridan biri (bir nechtasi)ni puxta egallashi;
• yuqori darajadagi kompyuter savodxonligiga ega bo‘lishi;
• mustaqil fikrlash, yangi fikr va mulohazalarni bildirish, amalda tadbiq etish xususiyatlariga ega bo‘lishi;
• sohasi bo‘yicha mustaqil bilim olishga yo‘naltirilgan va ilm-fan sohasidagi yangiliklarni tezkorlik bilan egallash xususiyatlari shakllangan bo‘lishi lozim.
Iqtidorli talaba o‘zining maxsus o‘quv va ijodiy ishlarini to‘la va belgilangan muddatlarda bajarishi, o‘qishda, ijodiy ishlarni bajarishda boshqa talabalarga o‘rnak bo‘lishi zarur.