NamMQI yetakchi mutaxassisi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati boʻldi
NamMQI yetakchi mutaxassisi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati boʻldi. Endi u Britaniyaning Liverpul universitetida tahsil oladi
Namangan muhandislik-qurilish instituti axborot-resurs markazi yetakchi mutaxassisi, institutning sobiq talabasi Madaminbek Mahmudov “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan oʻtkazilgan uch bosqichli tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etib, 1100 nafardan ortiq talabgor orasidan xorijiy davlatda magistratura dasturi asosida taʼlim olish uchun saralab olindi.
Endi Madaminbek bir yil davomida Buyuk Britaniyaning Liverpul universitetida tahsil oladi. Buning uchun jamgʻarma tomonidan 60 ming dollarga yaqin grant ajratiladi.
Ushbu universitet 1881-yilda tashkil topgan boʻlib, dunyo reytingida 137-oʻrinda qayd etilgan. Uning professor-oʻqituvchilari va bitiruvchilari safida 10 nafar Nobel mukofoti sohiblari bor.
Institut rektori boshchiligidagi jamoa Madaminbekni ushbu natija bilan qutlab, kelgusi yil yanvar oyidan boshlanadigan oʻqishida muvaffaqiyat tiladi.