• г. Наманган, улица Ислама Каримова, дом 12
  • +998 (69) 234-14-30
post image

O‘zbekiston xalqiga Qurbon hayiti tabrigi

Muhtaram vatandoshlar!

Siz, azizlarni, butun xalqimizni tinchlik, mehr-oqibat va hamjihatlik fazilatlaridan tobora obod va munavvar bo‘layotgan yurtimizga kirib kelgan Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu saodatli damlarda barchamiz bu ulug‘ ayyomning ruhi va shukuhini chuqur his etib, el-yurtimiz bilan birgalikda shunday yorug‘ kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz.

Xalqimiz hayotida ezgulik, mehr-muruvvat, saxovat va olijanoblik ramzi sifatida mustahkam qaror topgan Qurbon hayiti bugungi kunda biz uchun barcha sohalarda inson qadri yetakchi o‘ringa chiqayotgan Yangi O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar mazmuniga naqadar uyg‘un va hamohang ekani bilan yanada ahamiyatli bo‘lib bormoqda.

Ayniqsa, mahalla va xonadonlarimizda tinchlik-osoyishtalik, do‘stlik va ahillik muhitini mustahkamlash, keksalar, yoshlar va xotin-qizlar, kam ta'minlangan oilalar haqida g‘amxo‘rlik qilish, hech kimni mehr va e'tibordan chetda qoldirmaslikka qaratilgan ezgu ishlarimizda muqaddas dinimiz, uning insonparvarlik mohiyatini o‘zida yaqqol ifoda etadigan ushbu fayzli bayram biz uchun ibrat maktabi, kuch-g‘ayrat manbai bo‘lib xizmat qiladi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Aziz do‘stlar!

Qalblarimiz quvonchga to‘lgan ushbu yorug‘ kunlarda keyingi yillarda mamlakatimizda azaliy diniy qadriyatlarimizni tiklash, muqaddas qadamjolarni obod qilish borasidagi ulkan ishlar, yurtimiz mo‘min-musulmonlarining ibodat arkonlarini, jumladan,
haj va umra ziyoratlarini erkin amalga oshirishlari uchun yaratib berilayotgan qulay sharoitlar haqida  so‘z yuritishimiz tabiiydir.

Qisqa muddatda Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy markazlari tashkil etildi. Abu Iso Termiziy, Abu Muin Nasafiy, Sulton Uvays Qaraniy, Suzuk ota yodgorlik majmualari tubdan obod qilindi. Yangitdan barpo etilayotgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Islom sivilizasiyasi markazida qurilish va jihozlash ishlari jadal davom ettirilmoqda. Shular qatorida shahar va qishloqlarimizda ko‘plab muhtasham masjidlar barpo etilmoqda.

Keyingi yetti yilda 60 mingdan ziyod yurtimiz musulmonlari haj amallarini bajardilar. Shu kunlarda yana 15 ming nafar vatandoshimiz ikki muqaddas shahar – Makka va Madina ziyoratiga borib, o‘zlarining ezgu orzularini amalga oshirmoqdalar.

Pok niyatlar ijobat bo‘ladigan mana shunday ilohiy lahzalarda ularning barchasiga chin dildan haj ibodatlarini to‘liq ado etib, yurtimizga sog‘-omon qaytib kelishlarini tilaymiz.

Hayit bayrami arafasida Makkai mukarramada bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, hurmatli muftiyimiz shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan telefon orqali bo‘lgan muloqotimizda yurtdoshlarimizning muqaddas haj ibodatini mukammal ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratilganini u kishi alohida ta'kidlab o‘tdilar. Umid qilamizki, hojilarimiz Vatanimizga qaytgach, jamiyatimizdagi mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi hamda oilalar totuvligini kuchaytirishda ibrat va namuna ko‘rsatadilar.

Muhtaram yurtdoshlar!

Mana shu qutlug‘ lahzalarda turli zaruratlar bilan xorijiy ellarda bo‘lib turgan vatandoshlarimizni ham samimiy tabriklab, ularga sog‘lik-omonlik, baxt va omad tilaymiz.

Dunyoning uzoq-yaqin mamlakatlaridagi dindoshlarimizga ham qizg‘in qutlovlar yo‘llab, ularning xalqlari va mamlakatlariga tinchlik, ravnaq va farovonlik tilab qolamiz.

Ilohim, jahonning turli mintaqalarida davom etayotgan urush va janjallar tezroq barham topsin! Yer yuzida doimo tinchlik va osoyishtalik barqaror bo‘lsin!

Aziz va qadrli do‘stlar!

Bugun biz ko‘pmillatli xalqimiz bilan birga Yangi O‘zbekistonni barpo etmoqdamiz. Yangi O‘zbekiston – bu yangi hayot, yangi taraqqiyot, baxtli kelajak degani.

Barchamiz hamjihat bo‘lib, boshlagan islohotlarimizni yanada qat'iy davom ettirsak, bu ulug‘ maqsadga so‘zsiz yetamiz.

Farzandlarimizni albatta bilimli, hunarli, odobli insonlar, chinakam vatanparvar avlod etib voyaga yetkazamiz.

Shu yo‘lda barchamizga baxt va omad yor bo‘lsin!

El-yurtimizni Yaratganning o‘zi panohida asrasin!

Siz, azizlarni muqaddas Qurbon hayiti bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Ulug‘ ayyom barchamizga muborak bo‘lsin!

 

Shavkat Mirziyoev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Manba: prezident.uz

  • Share :