Ortiqali Qozoqov talabalarga shaxsiy galereyasidan o‘rin olgan asarlar haqida hikoya qilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi san'at arbobi Ortiqali Qozoqov Pop tumanidagi Sang qishlog‘ida tashkil etilgan san'at galereyasida Namangan muhandislik-qurilish va Namangan muhandislik texnologiyalari institutlari talabalarini qarshi oldi.
Galereyadan rassomning turli janrlardagi 65 ta asari o‘rin olgan. Ular orasida musavvirga mashhurlik keltirgan ijod namunalari bor.
“Yoshlarni san'atga oshno qilishimiz kerak, chunki san'atga oshufta bo‘lgan ko‘ngillarda yomonlik bo‘lmaydi. Galereyalar bilan tanishish uchun poytaxtga borish vaqt va mablag‘ talab etadi. Shuni hisobga olib, o‘zim tug‘ilib-o‘sgan qishloqda galereya tashkil etganman. Bu yerda o‘quvchilar va talabalar bilan uchrashish, ularga tasviriy san'at haqida hikoya qilish, savollariga javob berishga doim tayyorman”, — deydi Ortiqali Qozoqov.
Ma'lumot uchun, kelgusida ushbu san'at galereyasi yonida bolalar ijod markazi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
NamMQI media markazi