• г. Наманган, улица Ислама Каримова, дом 12
  • +998 (69) 234-14-30
post image

Namangan muhandislik-qurilish instituti talabasi o‘z joniga suiqasd etib, vafot etganligi yuzasidan rasmiy munosabat

2022/2023 o‘quv yili bo‘yicha o‘tkazilayotgan yakuniy nazoratlar davomida Farg‘ona viloyati, Beshariq tumanida yashagan, 2002 yilda tug‘ilgan, Namangan muhandislik-qurilish instituti Transport fakulteti uchinchi bosqich talabasi H. H 5 ta fandan qarzdor bo‘lib qolgan.

Shundan so‘ng uning tyutori bir necha marotaba ogohlantirishlarga qaramay o‘zgarish bo‘lmaganligi sababli bu haqda xabardor qilish maqsadida joriy yil 9 fevral kuni uning otasi bilan bog‘langan va vaziyatni tushuntirgan.

Oradan biroz vaqt o‘tib talabaning otasi tyutorga telefon qilib, o‘g‘li unga uchrashini aytadi. 9 fevral kuni tyutor talaba bilan ko‘rishgan va bu haqda oila a'zolariga ham ma'lum qilgan. Talabaning ruhiy holatida tushkunlik alomatlari bo‘lmagan, otasi ham tyutorga minnatdorlik bildirgan.

 10 fevral kuni ertalab talabaning otasi tyutorga takror qo‘ng‘iroq qilib, kecha o‘g‘lini koyigani, endi esa telefoni o‘chiqligi sababli u bilan bog‘lana olmayotganligini aytgan. Shundan so‘ng talabani qidirish boshlangan. 

Shu kuni kuni soat 13.00 atrofida institutga talaba Yangiqo‘rg‘on tumanida o‘ziga o‘t qo‘ygani va tuman IIB xodimlari tomonidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialiga olib kelinayotganligi haqida xabar qilingan.

Institut rektori Sh.Ergashev, profilaktika inspektori V.Abdurahmonov zudlik bilan RShTYoIM viloyat filiali jonlantirish bo‘limiga yetib borgan. Mas'ul xodimlar va shifokorlar bilan suhbat jarayonida talaba otasidan eshitilgan tanbeh natijasida stress holatiga tushib qolib, shunday hatti-harakatni sodir etganligi va bundan o‘zi ham afsusda ekanligini aytib bergan.

 Tibbiy ma'lumotlarda uning badanida alangadan tanasining 50% qismida chuqur kuyish jarohatlari mavjudligi ko‘rsatilgan.

Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, talaba 13 fevral kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialida olamdan o‘tdi. Shu kuni uning jasadi yaqinlari tomonidan Farg‘onaga olib ketildi va dafn etildi. 

Namangan muhandislik-qurilish instituti marhum talabaning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdarlik bildiradi.

  • Share :