Namangan ilm-fani og‘ir judolikka uchradi: Iqtisod fanlari doktori, professor Toshturg‘un Ergashev 87 yoshida vafot etdi
Toshturg‘un Ergashev 1937 yilda Yangiqo‘rg‘on tumanida dunyoga kelgan. 1959 yili O‘rta Osiyo politexnika instituti, 1964 yilda Moskva konchilik instituti aspiranturasini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1959 yili O‘zbekiston fanlar akademiyasi konchilik bo‘limida ilmiy xodim sifatida boshlab, 1985 yilgacha Iqtisodiyot instituti ilmiy xodimi, bo‘lim boshlig‘i, Toshent xalq xo‘jaligi instituti kafedra mudiri, Fanlar Akademiyasi muvofiqlashtiruvchi kengashi rais o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
1985 yilda Toshkent politexnika instituti Namangan filiali direktori etib tayinlangan. 1991—2006 yillarda ushbu filial negizida tashkil etilgan Namangan sanoat-texnologiya instituti (hozirgi Namangan muhandislik-qurilish instituti) rektori lavozimida faoliyat yuritgan.
2006 yildan hozirgacha Namangan muhandislik-qurilish instituti Menejment kafedrasi professori sifatida mehnat qilib kelayotgandi.
Toshturg‘un Ergashevning ilmiy, o‘quv-uslubiy ishlari va pedagogik faoliyati natijalari 5 ta monografiya, 3 ta darslik, 2 ta o‘quv qo‘llanmasi va 100 dan ortiq ilmiy maqolalarda o‘z ifodasini topdi. Uning bevosita ilmiy rahbarligida 20 nafardan ortiq fan nomzodi va doktorlari tayyorlandi. Buyuk Britaniya xalqaro biografiya markazi Toshturg‘un Ergashevni «XX asrning 2000 nafar atoqli intellektuallari» kitobiga kiritgandi.
Namangan viloyati hokimligi marhumning oila a'zolariga chuqur ta'ziya izhor etadi.
Sh.Abdurazzoqov, I.Najmiddinov, M.Appaqov, Z. Mansurov.