• г. Наманган, улица Ислама Каримова, дом 12
  • +998 (69) 234-14-30
post image

Muhtaram ustoz va murabbiylar!

Muhtaram ustoz va murabbiylar!

 

Qadrli do‘stlar!

 

Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda o‘z hayotini dunyodagi eng mashaqqatli va sharafli ishga bag‘ishlab kelayotgan barcha O‘zbekiston pedagoglarini O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.

 

Biz ustoz zotini azaldan otaday ulug‘ deb biladigan, hamisha boshiga ko‘tarib e'zozlaydigan ma'rifatparvar xalq farzandlarimiz.

                                

Har bir inson hayotda qanday yutuqqa erishgan bo‘lsa, ularda qadrdon o‘qituvchi va ustozlarining beqiyos hissasi borligini umrbod minnatdorlik bilan eslaydi.

 

Shaxsan men o‘qituvchi deganda – zamon bilan hamqadam bo‘lgan jonkuyar, ziyoli shaxsni, maktab deganda – bilim va ma'rifat yog‘dusi taralib turadigan, Uchinchi Renessans poydevori qo‘yiladigan tabarruk maskanni ko‘z oldimga keltiraman.

 

Biz, ota-onalar o‘zimizning eng katta boyligimizni – aziz farzandlarimiz kelajagini siz, muhtaram ustozlar qo‘liga ishonib topshirganmiz. Shu ma'noda, buyuk shoirimiz Abdulla Oripovning: “Sizdan boshlanadi asli tafakkur”, degan so‘zlarida teran hayotiy hikmat bor.

 

Bugungi kunda fidoyi ustoz va murabbiylarning ezgu xizmatlari tufayli yoshlarimiz har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetayotgani, fan va texnika, madaniyat va san'at, sport sohalarida qanday katta marralarni qo‘lga kiritayotgani barchamizga cheksiz quvonch baxsh etadi.

 

Shu borada birgina misol keltirmoqchiman. O‘tgan o‘quv yilida yoshlarimiz xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida 45 ta oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgani ta'lim sohasidagi islohotlarimiz samarasiga yana bir dalildir.

 

Barchamizga ayonki, muallimning obro‘-e'tibori – bu avvalo millatning, butun xalqning obro‘-e'tiboridir. Shu bois, biz keyingi yillarda o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ta'sirini kuchaytirish, ta'lim tizimini zamon talablari asosida tashkil etish bo‘yicha ulkan islohotlarni amalga oshirmoqdamiz.

 

Pedagog xodimlarni majburiy mehnat va turli jamoatchilik ishlariga jalb qilish holatlariga chek qo‘yilgani, ta'lim muassasalarida qog‘ozbozlikka barham berilayotgani bugun o‘z ijobiy natijasini ko‘rsatmoqda.

 

Olis hududlardagi maktablarga dars berish uchun jalb etilgan yuqori toifali o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgani bu boradagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.

 

Mamlakatimizda farzandlarimizni go‘daklik davridan to kamolot yoshiga qadar har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning hayotda munosib o‘rnini topishiga xizmat qiladigan uzluksiz va samarali tizim yaratilmoqda.

 

Xususan, keyingi 6 yilda maktabgacha ta'lim tashkilotlari soni 5,5 barobar ko‘payib, 28 mingdan oshgani va qamrov darajasi 70 foizga yetgani ayniqsa e'tiborlidir.

 

Shu o‘rinda, 2022-2026 yillarda xalq ta'limi tizimini rivojlantirish bo‘yicha Milliy dastur qabul qilingani, maktab ta'limini isloh qilish bo‘yicha Milliy kengash va uning hududiy bo‘limlari tashkil etilganini alohida ta'kidlash zarur.

 

Ayni vaqtda O‘zbekiston tarixida birinchi marta boshlang‘ich sinflarda fanlarni o‘zlashtirish darajasini aniqlaydigan nufuzli xalqaro baholash dasturlari yo‘lga qo‘yildi.

 

Joriy yilda davlat byudjeti hisobidan barcha zamonaviy sharoitlarga ega 51 ta yangi maktab bunyod etildi. Shuningdek, 1660 ta maktabda qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirilib, 119 mingdan ortiq o‘quvchi o‘rni yaratildi.

 

Shu bilan birga, 465 ta maktab uchun qo‘shimcha o‘quv binolari, 115 ta sport zali va maydonchalari barpo qilinganini qayd etish lozim. Ta'lim maskanlariga 35 mingdan ziyod qo‘shimcha o‘quv jihozlari to‘plami yetkazilib, 1 ming 900 ga yaqin maktabning infratuzilmasi tubdan yangilandi. 2,5 mingdan ziyod sinfxona 31 mingta zamonaviy kompyuterlar bilan ta'minlandi.

 

Yangi o‘quv yilidan boshlab respublikamizdagi 137 ta maktabda inklyuziv sinflar tashkil etilishi natijasida nogironligi bo‘lgan yuzlab bolalarning faol bilim olishiga sharoit yaratildi.

 

O‘qituvchilarning bilimi va kasbiy mahoratini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ana shunday chora-tadbirlar tufayli keyingi bir yilda malaka toifasiga ega muallimlar soni 300 mingdan oshgani ta'lim sifatiga ijobiy ta'sir ko‘rsatishi shubhasiz.

Ayni paytda maktablar uchun zamonaviy o‘quv dasturlari va darsliklar yaratish bo‘yicha YuNISeF, YuSAID xalqaro tashkilotlari bilan hamkorlikda, AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Finlyandiya kabi rivojlangan davlatlarning tajribali ekspertlari ishtirokida keng qamrovli izlanishlar davom ettirilmoqda.

 

Keyingi yillarda yurtimizdagi yangi oliy o‘quv muassasalari soni qariyb 2,5 barobarga ko‘payib, 186 taga yetkazilgani, qabul kvotalari 3,5 barobar ortgani oliy ta'lim tizimini rivojlantirishda g‘oyat muhim rol o‘ynamoqda. Bu o‘rinda sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish maqsadida 42 ta nodavlat oliy o‘quv yurti tashkil etilgani, xorijiy oliygohlar filiallari soni esa 31 taga yetganini alohida qayd etishni istar edim.

 

Aziz yurtdoshlar!

 

Barchangiz yaxshi xabardorsiz, biz ta'lim tizimini yanada rivojlantirish masalasini Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshiradigan eng asosiy vazifalarimizdan biri sifatida belgilab olganmiz.

 

Bizning maqsadimiz – Yangi O‘zbekistonning maktab bitiruvchisi zamonaviy ko‘nikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs bo‘lib shakllanishi zarur.

 

Bu ezgu maqsadga erishish uchun maktablarning o‘quv dasturlari, o‘qitish uslubi, darsliklar mazmunini tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni albatta mantiqiy yakuniga yetkazamiz.

 

Barcha hududlarimiz, ayniqsa, qishloq joylarda maktablar qurish, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta'minlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratamiz.

 

O‘qituvchi  va domlalar, tarbiyachi va murabbiylar, ilm-fan sohasi xodimlari uchun munosib sharoit yaratish, ularning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish, moddiy ta'minotini yaxshilash borasidagi ishlarimiz yangi bosqichga ko‘tariladi.

 

Imkoniyati cheklangan bolalar uchun inklyuziv ta'limni har tomonlama rivojlantiramiz.

 

Hammamiz guvohmiz, bugun ta'lim-tarbiya tizimi butun jamiyatimiz, xalqimizning diqqat-e'tiborida turibdi. Sohadagi har bir o‘zgarish yurtdoshlarimiz o‘rtasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

 

Biz bundan buyon ham xalqimiz bilan maslahatlashgan holda, jamoatchilik fikrini atroflicha tahlil qilib, erishgan yutuqlarimizni mustahkamlash, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni tuzatish yo‘lidan boramiz.

 

Hyech kimga sir emas, bugun dunyo shafqatsiz raqobat maydoniga aylangan. Barcha sohalarda qanday keskin kurash ketayotganini har birimiz ko‘rib turibmiz.

 

Hozirgi zamonda hamma jabhalarda ilm, bilim va salohiyat suv bilan havoday zarurligi, har qaysi davlat faqatgina shu asosda taraqqiyotga erishishi, sodda qilib aytganda, inson bilak kuchidan ko‘ra ilm kuchi bilan ko‘proq daromad va obro‘-e'tibor topishi mumkinligini hammamiz yaxshi anglaymiz.

 

Biz davrning mana shunday o‘tkir talablaridan kelib chiqqan holda, yurtimizda ixtisoslashtirilgan maktablarning mutlaqo yangicha tarmog‘ini tashkil qildik. Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatadigan yuzlab maskanlar, Ay-Ti parklar bunyod etmoqdamiz.

 

Mana, buyuk alloma bobomiz Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash bo‘yicha qaror qabul qildik. Xorazmda shonli ajdodimiz Muhammad Xorazmiy nomida yangi shaharcha qurishga kirishdik.

 

Bularning barchasidan ko‘zlagan maqsadimiz bitta. U ham bo‘lsa, Yangi O‘zbekistonning yangi beruniylari, yangi xorazmiylari, ibn sinolari va farg‘oniylarini kamolga yetkazish, shu orqali jonajon Vatanimizni dunyo miqyosida rivojlangan, tinch, erkin va farovon mamlakatga aylantirishdan iborat.

 

Siz, aziz ustoz va murabbiylar bugun mana shunday o‘ta mas'uliyatli jabhada tom ma'noda tarixiy missiyani ado etmoqdasiz. Chunki, Vatan va xalq manfaati uchun mardona kurashadigan, o‘zining qat'iy hayotiy pozitsiyasiga ega, hyech kimdan kam bo‘lmagan yoshlarni tarbiyalash – haqiqatan ham g‘oyat ezgu va ulug‘ vazifadir.

 

Barchangizga shu sharafli yo‘lda olib borayotgan olijanob faoliyatingizda va shaxsiy hayotingizda yangi yutuq va omadlar tilayman.

 

Xonadonlaringizga doimo tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka yor bo‘lsin!

 

Hamisha sog‘-omon bo‘ling, aziz ustoz va murabbiylar!

 

 Shavkat Mirziyoev,

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

  • Share :