• г. Наманган, улица Ислама Каримова, дом 12
  • +998 (69) 234-14-30
post image

“Kusherbayevga murojaat” kanalida eʼlon qilingan murojaatga munosabat

Telegram ijtimoiy tarmogʻidagi “Kusherbayevga murojaat” kanalida Namangan muhandislik-qurilish instituti 3-talabalar turar-joyidan murojaat yoʻllangan boʻlib, unda ushbu yotoqxona xonalarida stol-stullar yoʻqligi, kiyim ilish uchun shkaflar bilan taʼminlanmaganidan shikoyat qilingan.

Shuningdek, hojatxona va dushdan foydalanish uchun birinchi qavatga tushilayotgani, oshxonada ovqat qilish uchun sharoit yoʻqligi bildirilgan.

Ushbu murojaat institut birinchi prorektori Odiljon Jakbarov va rektor maslahatchilari Azizbek Abduvaliyev, Abdurahmon Shokirovlar tomonidan joyida oʻrganildi.

Oʻrganish davomida yuqori qavatlardagi hojatxona va dushlarda taʼmirlash ishlari olib borilayotgani va tez kunlarda oxiriga yetkazilishi maʼlum boʻldi. Xonalar kiyim ilgichlar va stol-stullar bilan taʼminlangan. Biroq talabalar tomonidan qoʻpol munosabatda boʻlib, shikast yetkazilgan stol-stullar ham mavjud.

TTJ uchun hozirda zamonaviy yangi oshxona barpo etilmoqda. Biroq mavjud oshxonaga nisbatan eʼtiroz boʻlmasligi uchun qoʻshimcha 5 ta yangi gaz plitasi olib kelindi. Shuningdek, talabalar sport bilan muntazam shugʻullanishlari uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratildi.

Bir xonada 8 kishi yashayotgani haqidagi vajlar esa oʻz tasdigʻini topmadi.

Qayd etishki, ushbu yotoqxona davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida ish yuritadi va unda istiqomat qiluvchi talaba har oy 165 ming soʻmdan toʻlov amalga oshirishi belgilangan. Biroq oʻrganishlar davomida yotoqxonada yashayotgan talabalarning muayyan bir qismi muntazam ravishda toʻlovlardan boʻyin tovlayotgani aniqlandi. Ular bilan bu borada tegishli tartibda suhbatlar olib borildi.

Bu kabi kamchiliklarga kelgusida yoʻl qoʻymaslik va talabalarning eʼtirozlariga tezkorlik bilan munosabat bildirish maqsadida yotoqxonada masʼul shaxslardan iborat navbatchiliklar doimiy tashkil etilishi belgilandi.

  • Share :