• Namangan city, Islam Karimov street, 12 house
  • +998 (69) 234-14-30
post image

Yangilanayotgan Konstitusiya bo‘yicha referendumga 7 kun qoldi

Ushbu muhim voqea jamiyat hayotining barcha jabxalariga katta ta'sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Birinchidan, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarning asosiy natijalari mamlakatimizning bosh qonunida mustahkamlanmoqda.

Shuni e'tirof etish kerakki, so‘nggi 6 yil ichida mamlakatda ko‘plab o‘zgarishlar ro‘y berdi, “propiska” tizimidan tortib, majburiy va bolalar mehnatigacha. Aholining katta qismining kundalik hayoti va ertangi kuniga bevosita ta'sir qilib kelgan ushbu muammolar endi qaytmas o‘tmish sifatida belgilanmoqda.

Ikkinchidan, davlatimiz rivojlanishining keyingi bosqichiga o‘tish uchun huquqiy zamin yaratilmoqda.

Misol uchun, O‘zbekiston – ijtimoiy davlat, deb qayta ko‘rib chiqilishi mumkin emas norma sifatida belgilanmoqda. Bu — hech bir fuqaro o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolmaydigan adolatli davlat qurilishi uchun mustahkam zamin degani. Xususan, Konstitusiyada davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar 3 barobarga ko‘paytirilib, ijtimoiy davlat modelini amalga oshirish mexanizmlari belgilanmoqda.

Uchinchidan, Konstitusiyaga nafaqat ichki rivojlanish prinsiplari, balki mamlakatning tashqi aloqalari borasida ham o‘zgarishlar kiritilmoqda.

Xususan, tashqi siyosatning asosiy prinsiplaridan biri sifatida "davlatlarning hududiy yaxlitligi" prinsipining kiritilayotganligi katta ahamiyatga ega. Unga ko‘ra, har qanday davlat boshqa davlatning hududiy yaxlitligini hurmat qilishi, uning suvereniteti, milliy birligi va hududiy yaxlitligini qisman yoki to‘liq buzishga qaratilgan har qanday harakatlardan o‘zini tiyishi lozim.

Hududiy yaxlitlik prinsipiga muvofiq, nafaqat O‘zbekiston boshqa davlatlarni, balki boshqa davlatlar ham mamlakatimiz chegaralari daxlsizligini hurmat qilishi kerak.

Umuman olganda, Konstitusiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitusiya 65 foizga yangilanmoqda, uning amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko‘paymoqda. Konstitusiyaga kiritilishi taklif etilayotgan 100 ta eng muhim yangiliklarning mazmun-mohiyati bilan maxsus qo‘llanma orqali batafsil tanishishingiz mumkin.

  • Share :