Institut rektori Sharifboy To‘lanovich Ergashevning 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan TABRIGI
Hurmatli professor-o‘qituvchi ayollar, ishchi-xodimalar, talaba qizlar!
Sizlarni 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan institut jamoasi va shaxsan o‘z nomimdan samimiy tabriklayman.
Oilangiz va yaqinlaringiz, ayol qadrini e'zozlab yashaydigan el-yurtimiz baxtiga sog‘-omon bo‘lishingiz, doim go‘zal bahoriy kayfiyatda yurishingizni tilayman.
Institutimizda bugungi kunda 270 nafar ayol faoliyat yuritib kelmoqda. Ulardan 78 nafari professor-o‘qituvchilar hisoblanadi. 2022 yilning o‘zida ulardan 2 nafari dosent, 5 nafari esa falsafa doktori — PhD darajasiga ega bo‘ldi. Shuningdek, ayollarimiz turli mahalliy va xorijiy tanlovlarda munosib ishtirok etib, kitob va qo‘llanmalar chop etib, institut reytingida ham yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Namangan muhandislik-qurilish institutida bugungi kunda 865 nafar qizlar tahsil olmoqda. O‘tgan yili 32 nafar qizimiz magistraturaga kirishga erishdi. Yangi tartibga muvofiq, ularga kontrakt pullari davlat tomonidan to‘lab berildi. 2 nafar qizimiz Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi bo‘ldi. Ehtiyojmand oilalarda yashayotgan, mutaxassisligi bo‘yicha besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarimiz alohida kvota asosida o‘qishga qabul qilindi.
Davlat rahbari tashabbusi bilan oliy ta'lim tizimida joriy etilgan bu kabi imtiyozlarni yana uzoq sanab o‘tish mumkin. Prezidentning O‘zbekiston ayollariga yo‘llagan tabrigida ishonch bilan qayd etilganidek, “Dunyoda chuqur iqtisodiy inqiroz davom etayotgan hozirgi kunda zarur mablag‘ va imkoniyatlarni topib amalga oshirayotgan bunday sa'y-harakatlarimiz albatta o‘z natijasini beradi. Oliygohlarda tahsil olayotgan xotin-qizlarimiz orasidan ilm-fan, siyosat va jamoat arboblari, mashhur madaniyat va san'at, sport namoyandalari yetishib chiqadi”.
Biz ham davlat rahbarining oliy ta'limda xotin-qizlar o‘rnini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirayotgan teran siyosatini qo‘llab-quvvatlaymiz va bu boradagi sa'y-harakatlarimizni yanada kuchaytiramiz.
Aziz ayollar, qadrli opa-singillar!
Sizlarga dunyodagi eng bebaho boylik – sihat-salomatlik, baxt-saodat va tinchlik-xotirjamlikni tilayman. Institutimiz ravnaqi yo‘lidagi faoliyatingiz va o‘qishlaringizda omad hamisha yor bo‘lsin. Bayramingiz bilan!
Sharifboy Ergashev,
Namangan muhandislik-qurilish instituti rektori