Assalomu alaykum aziz ustozlar, qadrli institut jamoasi!
Barchangizni bugungi qutlug‘ ayyom — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman. Xonadoningizga tinchlik-omonlik, fayz-baraka, faoliyatingizga shijoat va rivoj tilayman.
Shunday shukuhli bayram arafasida Namangan muhandislik-qurilish institutining 45 yilligi nishonlanganida ham o‘ziga xos ramziy ma'no bor. Institumizning shonli tarixiga ko‘z tashlar ekanmiz, ushbu dargohning rivojlanish va kamol topish bosqichlari viloyat, qolaversa, mamlakatdagi o‘zgarishlar bilan uzviy bog‘liq ekanligini ko‘rishimiz mumkin.
Toshkent politexnika instituti filiali sifatida tashkil topgan oliy o‘quv yurti o‘z faoliyatini kasb-hunar bilim yurti binosida, 3 ta kafedra, 200 nafar talaba va sanoqli professor-o‘qituvchilar bilan boshlaganiga ishonish qiyin. Ammo bu o‘sha paytlardagi mavjud sharoitni izohlovchi tarixiy dalil.
Bugunga kelib institut eng zamonaviy 7 ta o‘quv binosi va 7 ta fakul'tetga ega bo‘ldi. Bu yerda 400 nafardan ortiq professor-o‘qituvchi 10 mingga yaqin talabaga tahsil bermoqda. Ularning deyarli teng yarmi ilmiy darajalarga ega.
2020-2024 yillarning o‘zida institutdan 8 nafar fan doktori, 80 nafardan ortiq falsafa doktori, shuningdek, 12 nafar professor, 45 nafar dosent yetishib chiqdi. Institutning ilmiy salohiyati esa 50 foizga yaqinlashmoqda.
Albatta, bu natijalarga o‘z-o‘zidan erishilmadi. Shu o‘rinda institut rivojiga munosib hissa qo‘shgan faxriylar va hozirda mehnat qilib kelayotgan professor-o‘qituvchilarimizni g‘urur bilan tilga olamiz.
Namangan muhandislik-qurilish institutining minglab sobiq bitiruvchilari viloyatimiz, mamlakatimiz, qolaversa, xorijdagi nufuzli idora va tashkilotlar, kompaniya va oliy o‘quv yurtlarida mas'ul lavozimlarda mehnat qilib kelmoqda. Biz ular bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Kuni-kecha bo‘lib o‘tgan yubiley tadbirimizda sobiq bitiruvchilarimizdan Namangan viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov shaxsan ishtirok etgani va ustozlarni qutlagani, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov esa tabrik yo‘llagani va vakillarini yuborgani jamoamizni juda xursand qildi.
Quvonarlisi shundaki, amalga oshirilayotgan tizimli ishlar natijasida institut O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlari milliy reytingida 6, texnika oliy o‘quv yurtlari qatorida esa to‘rtinchi o‘rinda qayd etildi. Adliya vazirligi tomonidan 2020-2024 yillarda eng ko‘p ixtirolar yaratgan oliy ta'lim muassasalarining top-10 talik reytingiga kiritildi. Shuningdek, Times Higher Education, GreenMetric kabi nufuzli xorij reytinglarida ham munosib o‘rin egallab kelmoqda.
Qilingan mehnat albata rag‘batsiz qolmaydi. Shu bois institutimizning bir qator professor-o‘qituvchilari o‘tgan yillar mobaynida davlatimizning turli orden va medallariga ega bo‘ldi.
Jumladan, Energetika kafedrasi dosenti Shavkat Nabiev “Shuhrat” medali, Kimyoviy texnologiya kafedrasi professori Isroiljon Shamshiddinov “Sog‘lom turmush” medali, Qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalashtirish kafedrasi professori Nabijon Boyboboev “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Bir guruh professor-o‘qituvchilarimiz esa “Mehnat faxriysi”, “Oliy ta'lim a'lochisi”, “Innovasion g‘oyalar yetakchisi” kabi ko‘krak nishonlariga loyiq ko‘rildi.
Erishilgan muvaffaqiyatlarning barchasi institut jamoasining samarali mehnati mahsuli hisoblanadi. Ushbu ahil jamoaga boshchilik qilish nasib etganidan faxrlanaman va hamkasblarimga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Barchamizga O‘qituvchi va murabbiylar kuni hamda Namangan muhandislik-qurilish institutining 45 yilligi muborak bo‘lsin. Ustozlarimiz omon bo‘lishsin, yoshlarimizning g‘ayrat-shijoatiga ko‘z tegmasin, erishilgan yutuqlarimiz soni va salmog‘i oshib boraversin!
Sharifjon Ergashev,
Namangan muhandislik-qurilish instituti rektori